Makkeyn: Suriya urushi, qochqinlar G'arb yuzlashayotgan eng yirik muammo

  • Amerika Ovozi

"Agar AQSh Suriya rahbari Bashar al-Assaddan qutulib, Iroqdagi ahvoldan ko'z-quloq bo'lib turganida edi, bugun qochqinlar tanazuli bilan yuzlashib turmas edik", - deydi Makkeyn.

"Agar AQSh Suriya rahbari Bashar al-Assaddan qutulib, Iroqdagi ahvoldan ko'z-quloq bo'lib turganida edi, bugun qochqinlar tanazuli bilan yuzlashib turmas edik", - deydi Makkeyn.

Amerikada Respublikachilar partiyasining ko'zga ko'ringan vakili, senator Jon Makkeynning aytishicha, Suriyadagi fuqarolar urushi va natijada minglab qochoqlar Yevropaga bosh olib ketishi G'arb oxirgi 70 yilda yuzlashayotgan eng jiddiy tanazzuldir.

Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi Jon Makkeyn bu haqda "Amerika Ovozi" Serbiya xizmati bilan gaplashdi. Uningcha, Yevropani domiga tortgan qochqinlar muammosi AQShning Yaqin Sharqdagi no'noq siyosati mahsulidir.

"Agar AQSh Suriya rahbari Bashar al-Assaddan qutulib, Iroqdagi ahvoldan ko'z-quloq bo'lib turganida edi, bugun qochqinlar tanazzuli bilan yuzlashib turmas edik", - deydi Makkeyn.

Qo'shma Shtatlar 2007-yilning dekabrida Iroqdan askarlarini olib chiqa boshladi va 2011-yilning dekabrigacha ular mamlakatni butunlay tark etdi. 2014-yilning avgustidan beri Amerika Iroq va Suriyada "Islomiy davlat" to'dasining manzillarini kamida sakkiz ming marotaba havodan bombardimon qildi.

Makkeyn NATOning oliy harbiy qo'mondoni, general Filip Bridlavning yaqinda Senat Qurolli kuchlar qo'mitasida qilgan chiqishini yoqlamoqda. Generalning so'zlariga ko'ra, Rossiya va Assad armiyasi atayin muhojirlar bilan bog'liq taranglikni avj oldirib, Yevropani holdan toydirishga, Yevropaning irodasini sindirishga harakat qilayapti. Rossiya havo kuchlari o'tgan yilning sentabridan buyon Assad armiyasi tarafida turib Suriyadagi isyonchilarga o'q yog'dirayapti.

"Qo'shma Shtatlar liderlik pozitsiyasini boy berib, Rossiyaga rulni topshirib qo'ydi. Bugun Suriyadagi ustuvor kuch Rossiya, Hizbulloh, Eron va boshqa fraksiyalardir va buning oqibatida Prezident Bashar al-Assad o'z hokimiyatini mustahkamlab oldi. Yaqin orada boshqaruvdan ketmaydi u. Yevropa va Qo'shma Shtatlar Ikkinchi jahon urushidan beri to'qnash kelgan eng yirik muammo bu", - deydi senator.

Suriyadagi besh yillik fuqarolar urushi 250 ming odamni hayotdan olib ketdi. Millionlab fuqarolar uyini tashlab qochishga majbur bo'ldi. BMT shafeligida o'tgan oy urishayotgan taraflar sulhga erishib, Suriyada otishmalar sezilarli darajada sustlashdi.

Ukrainadagi ixtilof haqida so'ralganda senator Makkeyn rasmiy Kiyev korrupsiya bilan olishish uchun yetarli chora ko'rmayapti, dedi. Bu esa siyosiy beqarorlikka, odamlarning hafsalasi pir bo'lishiga yetaklayapti.

Senatorning aytishicha, Qo'shma Shtatlar ukrainaliklarga o'zini mudofaa qilish uchun qurol uzatmagani uyat. Holbuki, Rossiya rahbari Vladimir Putin Ukraina sharqini siquvga olishda davom etayapti, deydi Makkeyn.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisoblashicha, Ukraina sharqida 2014-yil boshidan beri to'qqiz mingdan ziyod odam nobud bo'lgan. 20 mingdan oshiq kishi jarohatlangan.

Senator Jon Makkeynning "Amerika Ovozi" Serbiya xizmatiga bergan intervyusini ingliz tilida quyida tomosha qiling:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG