AQShning Rossiyadagi elchisi kuzatuv ostidami?

  • Amerika Ovozi

AQShning Rossiyadagi elchisi Maykl Makfol fikricha, uning elektron pochtasi va telefon suhbatlari kuzatuv ostida bo’lishi mumkin.

“To’g’ri, rasmiylarni savolga tutish matbuotning ishi. Lekin mening shaxsiy xatlarimni o’qishga, telefon suhbatlarimni zimdan kuzatishga ular haqlimi”? – deya so’raydi elchi.

“Uchrashuvlar o’tkazish uchun qayerga bormayin jurnalistlar qo’qqisdan o’sha joyda paydo bo’ladi”, - deydi Makfol “Twitter” ommabop saytidagi izohida.

AQSh elchisi xususan “NTV” telekanali muxbirlari unga doimo ergashib yurishi, ish jadvalidan xabardor ekanini aytadi.

AQSh Davlat departamentining qayd etishicha, diplomatning bu gaplari Rossiya hukumati yoki ommaviy axborot vositalariga qarshi qaratilgan emas.

“Makfol Moskvaning qayeriga bormasin muxbirlar bu haqda oldindan xabar topayotgani ajablanarli hol ekanini qayd etayapti xolos”, - deydi department so’zlovchisi Mark Toner.

Maykl Makfol shu yil boshida elchi lavozimiga kirishishi bilanoq Rossiya davlat matbuotida unga nisbatan tanqidlar yog’ila boshladi. Bosh vazir Vladimir Putin Amerikani muxolifatni moliyalab, namoyishlar uyushtirishda yordamlashayotganlikda ayblagan.

“Amerika Ovoziga” bergan intervyusida Makfol "Rossiyaga nisbatan siyosatimiz o’zgarmaydi, fuqaro jamiyatini quvvatlashda davom etamiz", - deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG