Ekologik barqarorlik - farovonlik kaliti

  • Amerika Ovozi

BMT Mingyillik Rivojlanish Maqsadlaridan biri - tabiat muhofazasi va ekologik barqarorlikni ta'minlash

BMT Mingyillik Rivojlanish Maqsadlaridan biri - tabiat muhofazasi va ekologik barqarorlikni ta'minlash

Yangi asr boshida Birlashgan Millatlar Tashkiloti o’z oldiga sakkiz maqsad qo’ydi. Ularga Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari deb nom berildi. 2015-yilga qadar qashshoqlikni kamaytirish va ocharchilikka barham berishdan tortib, ekologik barqarorlikni ta’minlashgacha.

2000-yilda BMT Mingyillik Deklaratsiyasiga Markaziy Osiyo respublikalari ham qo’shildi va bu bilan dunyodagi qashshoqlik, ocharchilik, savodsizlik, yuqumli kasalliklar kabi illatlarga qarshi kurashga bel bog’ladi. Maqsadlardan biri tabiat muhofazasi va ekologik barqarorlik bilan bog’liq. Chunki ular insoniyatning iqtisodiy va ijtimoiy farovonligiga ta’sir qiladi.

“1,2 milliard odam kuniga 1 dollar sarflab kun kechiradi. Bu insoniyatning juda katta qismi. Ular tabiiy boyliklarga qaram. Ekologik barqarorlik ta’minlanmasa, bu odamlar katta xavf ostida qoladi”, - deydi Deyvid Rid, Jahon Yovvoyi Tabiat Jamg’armasi vitse-prezidenti.

Qashshoqlik va ocharchilikka qarshi kurash - jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalardan

Qashshoqlik va ocharchilikka qarshi kurash - jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalardan

Uning aytishicha, ekologik barqarorlikni ta’minlashda shu kungacha sezilarli muvaffaqiyatga erishilgan.

“Toza ichimlik suvini ta’minlash masalasida jiddiy progress kuzatilmoqda. Shuningdek, havo va suv orqali yuqadigan kasalliklar, masalan, bezgak va immunitet taqchilligi virusi oqibatida o’lgan odamlar soni kamaydi. Qashshoqlikni kamaytirishda ham sezilarli natijaga erishdik. Ammo Afrikada bu muammo ko’lami pasaymadi”, - deydi Deyvid Rid.

Energetika va global iqlim bo’yicha mutaxassis, Raqobatli Tadbirkorlik Instituti rahbari Mayron Ebell fikricha, Afrika Mingyillik Rivojlanish Maqsadlariga erisha olmaydi.

“Buning uchun Afrikani aybdor deyish noto’g’ri”.

Ebell deydiki, global iqtisodiy inqiroz Mingyillik Rivojlanish Maqsadlariga erishishni qiyinlashtirdi.

“Kapitalistik mamlakatlardagi iqtisodiy o’sish sababli barcha mintaqalarda progress kuzatilgan edi. Endi esa jarayon sekinlashdi, chunki so’nggi yillarda krizis butun dunyoni o’z iskanjasiga oldi. Jahon iqtisodiyoti o’zini o’nglab olmasa Afrikada jiddiy muvaffaqiyat kutish qiyin. Kambag’al mamlakatlarni botqoqdan tortib chiqaradigan – Qo’shma Shtatlar, Xitoy, Yevropa va Yaponiyadir”, - deydi ekspert.

BMT Taraqqiyot Dasturiga ko’ra, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda progress bor. Lekin kelasi 4 yil ichida sanitariya-gigiyena sharoitisiz yashayotgan odamlar soni yanada ko’payib, 2,7 milliardga yetadi.

Yo'qolib ketishi mumkin bo'lgan jonzotlardan biri bu Afrika yovvoyi iti

Yo'qolib ketishi mumkin bo'lgan jonzotlardan biri bu Afrika yovvoyi iti

Yovvoyi hayvonlarni saqlab qolishga qaratilgan choralar kutilganidek samara bermayapti. BMTga ko’ra, jiddiy ishlar va katta mablag’ ajratilganiga qaramay, yo’qolib borayotgan jonzotlar ro’yxati kengayishda davom etyapti.

Yana bir masala - o’rmonlarning kamayishi, xususan Janubiy Amerika va Afrika qit’asida. Energetika va global iliqlashuv bo’yicha mutaxassis Mayron Ebell fikricha, BMTdagi byurokratiya va qog’ozbozlik muvaffaqiyatga to’g’anoq bo’layotgan omillardan.

O'rmonlarning kamayishiga qarshi harakatlar avjida

O'rmonlarning kamayishiga qarshi harakatlar avjida

“Mingyillik Rivojlanish Maqsadlaridan eng jiddiysi – qashshoqlikni kamaytirishga BMT emas, balki zamonaviy kapitalistik iqtisodiyot erisha oladi. Ya’ni kambag’al mamlakatlarga sarmoya yotqizayotgan va bu bilan ish joylari yaratayotgan, mahsulot hajmini ko’paytirayotgan katta korporatsiyalar”, - deydi Ebell.

Jahon yovvoyi tabiat jamg’armasi vitse-prezidenti Deyvid Rid esa Mingyillik Rivojlanish Maqsadlariga erishish BMTga a’zo davlatlar vazifasi ekanini ta’kidlaydi.

Maqsadga erishishning eng tez va samarali yo’li esa - iqtisodiy o’sishni ta’minlashdir.

BMT rasmiylariga ko’ra, iqtisodiy tanazzul davom etgan holda ham 2015-yilga qadar belgilangan vazifalarning ayrimlariga erishish mumkin. Lekin hozirgi qiyinchiliklar davom etsa, 2015-yilga borib dunyo ahlining 900 millioni qashshoqlikda yashaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG