Dunyoning ko’p nuqtalarida matbuot kishanda

  • Amerika Ovozi

Vashingtonda asoslangan “Freedom House”, “Ozodlik Uyi” tashkiloti nazarida jahonda matbuot erkinligi oxirgi 10 yilda eng quyi darajada. Tashkilot 197 davlatdagi ahvolni o’rganib chiqqan.
Ommaviy axborot vositalari erkinligi bo’yicha Shimoliy Koreya, O’zbekiston va Turkmaniston eng quyi pog’onalarda.

Dunyoning deyarli har bir nuqtasida axborot olish qiyinlashgan. “Ozodlik Uyi” huquq tashkilotining so’nggi izlanishlari shuni ko’rsatmoqda.

“Matbuotni nazorat qilish, boshqarish, senzurani kuchaytirishga urinishlar davom etayapti. Bloggerlarni, axborotni jamoatchilikka yetkazishga uringan qalam ahlini ta’qib qilish, tahqirlash hollarini ham qayd etdik”, - deydi tashkilot xodimi Karin Karlekar.

Uning aytishicha, 2013-yilda ahvol shu darajada yomonlashdiki, bugun jahonda har olti odamdan bittasigina erkin ma’lumot yig’a oladi.

Orqaga chekingan jamiyatlarda hukumatlar turli metodlarni qo’llaydi.

“Deylik, markaziy axborot agentliklarida rahbarlar o’zgaradi va buning ketidan muharrirlarga, muxbirlarga bosim oshadi”, - deydi tadqiqotchi.

“Freedom House” baholagan 197 mamlakat ichida Turkmaniston va Shimoliy Koreya eng oxirgi o’rinlarda. Prezident saylovlari paytida sal erkinlashgan Eron, shuningdek, O’zbekiston, Belarus, Kuba, Suriya va Baxrayn ham quyi o’ntalikdan joy olgan.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada o’tgan yili ahvol ayanchli tus oldi. G’alayonlarni boshdan kechirgan Misrda harbiy hukumat jurnalistlarni ezdi va sudga tortdi.

Mintaqa aholisining atigi ikki foizi erkin ma’lumot olish imkoniyatiga ega, 14 foizi esa qisman. 84 foiz aholi so’z erkinligi bo’lmagan jamiyatlarda yashaydi.

Yevrosiyo jamiyatlari ham eng past bahoga loyiq. Rossiyada muxbirlar muntazam qamaladi, do’pposlanadi… Ukrainada esa namoyishlarni yoritishga harakat qilgan jurnalistlar qattiq kaltaklangan hollar qayd etildi.

“Ozodlik Uyi” xulosasiga ko’ra, g’arbiy Yevropani hisobga olmaganda Yevrosiyoda matbuoti erkin davlatning o’zi yo’q. Bu jamiyatlarda yashovchilarning 3 foizi informatsiyani qisman erkin manbalardan oladi, qolganlari uchun imkoniyatlar mutlaqo cheklangan.

Lotin Amerikasida ham manzara salbiy tomonga o’zgardi. Xususan, Venesuelada hukumatga qarshi namoyishlarni yoritishga yo’l berilmadi.

Har jihatdan eng ochiq jamiyatlardan biri bo’lgan Qo’shma Shtatlarda ham matbuotchilar bosimdan xoli emas. Ayniqsa milliy xavfsizlik bilan bog’liq axborot oqimini nazorat qilish harakatlari tahlilnomada tanqidga olinadi.

AQSh Adliya vazirligi “Nyu-York Tayms” gazetasidan maxfiy manbalarni oshkor etishni talab qilgani, “Associated Press” agentligi muxbirlarining telefon suhbatlarini tekshirgani bunga misol.

Bu tashvishlanarli tendensiya, deydi jurnalistika bo’yicha domla Kelli Makbrayd.

“Oqibatda o’quvchi, oddiy odamlar aldanadi, haqiqatni bilish qiyinlashadi”, deydi u.

Jurnalistning vazifasi haqiqatni jamoatchilikka yetkazishdir. O’zini demokratik deb ataydigan hukumat axborot oqimini cheklamasligi kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG