Kuchli matbuot samarali hokimiyat garovidir

  • Amerika Ovozi

Kuchli va mustaqil ommaviy axborot vositalari har bir mamlakat taraqqiyoti uchun o’ta muhim. Mustahkam media institutlari hukumat hamda xususiy sektor barobarida korrupsiyaga qarshi kurashadi, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashda yordam beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yildan keyingi taraqqiyot masalalariga bag’ishlangan hisobotida qayd etadiki, erkin va mustaqil matbuot samarali boshqaruv va oshkoralikni ta’minlash kalitidir.

Xalqaro matbuot ko’mak markazidan Mark Nelson izohicha:

“Iqtisodiy tizimlar tobora rivojlanib, samarasi oshib borar ekan, jamiyatdagi tendensiyalarni tahlil qilish uchun sizga ma’lumot kerak. Qo’lingizda aniq ma’lumot bo’lmasa, to’g’ri qarorlar qabul qila olmaysiz, xulosa chiqara olmaysiz”.

Erkin matbuot, masalan, kambag’alikka qarshi kurashda qo’l kelishi mumkin. Buni isbotlash oson, deydi Nelson. U Nigerda ishlayotganida radioda qo’lni yuvish kerakligi haqida gap borganini eslaydi.

“Bu radio dasturlar yuqumli kasalliklar tarqalishining kamayishiga jiddiy hissa qo’shgan. Sog’ odam ishga borsa, oilasini boqadi, iqtisodga hissa qo’shadi. Natijada kambag’allar soni kamayadi,” - deydi Nelson.

AQSh Davlat departamenti dunyo bo’ylab jurnalistlar faoliyatiga, ayniqsa qamalgan yoki erkin ishlay olmayotgan muxbirlar taqdiriga e’tibor qaratmoqda.

Odamlar hukumat haqida o’z fikrini ochiq bildira olgan jamiyatlarda boshqaruv samarali bo’ladi, deydi departament rasmiysi Mari Xarf.

“Agar fuqarolar rahbarlarga “siz yurtni noto’g’ri boshqaryapsiz, xalq uchun zarur iqtisodiy imkoniyatlarni yarata olmayapsiz” deya olsa, bu davlatda shaffoflik, hisobdorlik va mas’uliyat oshadi”.

Jahon banki instituti rivojlanayotgan mamlakatlarda matbuot sohasini isloh qilishda ko’maklashadi, mablag’ ajratadi.

Institut rasmiysi Jeff Tindva jurnalistlar malakasini oshirishga qaratilgan dasturlar haqida gapiradi.

“Bu dastur doirasida jurnalistlar va fuqaro jamiyati tashkilotlari byudjet va davlat idoralari xarajatlariga doir ma’lumotni qanday qo’lga kiritish va tahlil qilishni o’rganadi. Xulosalarga asoslanib, mansabdor shaxslarni savolga tutadi. Oshkora hukumat, kuchli matbuot va taraqqiyot bir-biriga bog’liq.”

Matbuot hukumatning samarali ishlashidan manfaatdor, deydi u.

“Ular hisobdorlikni kuzatadi, korrupsiya kamayishiga hissa qo’shadi, fuqarolarga ma’lumot berib turadi va faollikka undaydi.”

Matbuot, shuningdek, murakkab informatsiyani soddalashtirib, jamoatchilikka tushunarli shaklda yetkazib beradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG