Notinch va beqaror zamonda jurnalistlarning asosiy vazifasi nima?

  • Amerika Ovozi

Insoniyat hamisha urush va mojarolar orasida yashagan. Tinchlik uzoq muddatli bo’lishi, jamiyat barqarorlikka erishishi uchun hamjihatlik eng zarur talab.

Bu yo’lda esa axborot vositalari va jurnalistlarning roli beqiyos. Harbiy yurishlar deysizmi, elatlar yoki diniy guruhlar aro kurash, qolaversa, mana terrorizmga qarshi harakatlar, bularning hammasini bartaraf etishda jurnalistlar nafaqat xabar yig’ib tarqatishi balki tinchlikni targ’ib qilishi ham lozim. Ikki davlatda urush olib borayotgan Amerikada keksa matbuotchi va muxbirlar mana shunday chaqiriq bilan chiqmoqda. Lekin, deydi ular, jurnalist uning asosiy vazifasi xabar tarqatish ekanini aslo unutmasligi kerak.

Afg’on zaminida tinimsiz urush, Koreya yarimoroli tahlika maydoni, Janubiy Osiyodagi g’alayonlar, Afrika, Yevropa va Yaqin Sharq… Agressiya, ekstremizm, repressiya, bosqinchilik, to’polonlar… Kundalik yangiliklar.

Internet odamlarning asosiy axborot manbaiga aylanib bo’lgan.

Bugun hamma jurnalist bo’lgisi keladi. Ko’rgan bilganini yozib, internetda dunyoga tarqata oladi.

Oqibati esa internetning nafrat urug’ini sochuvchi vosita sifatida ishlatilayotganidir.

Haqiqiy jurnalistlar kerak, xolis ma’lumot uzatuvchi mutaxassislar, deydi Sheldon Xaymfarb, AQSh Tinchlik Instituti ilmiy xodimi. Uning fikricha jurnalistlar odamlarni yorug’lik tomon yetaklashi kerak.

Og’ir damlarda jurnalistlar bo’yniga juda murakkab va sharafli vazifa yuklanadi, deydi tajribali muxbirlar.

Marvin Kalb, uzoq yillar televideniye sohasida ishlagan, bugun tahlilchi.

"Bugun mana bu eng ishonchli axborot deb odamlar diqqatini qaratish oson emas. Jurnalist pul uchun emas, adolat uchun ishlaydi”,- deydi u.

Frank Sesno, bu sohadan dars beradigan professor fikricha esa muxbirlar roli aniq.

“Jurnalist bo’lsangiz, asosiy ishingiz tinchlik targ’ib qilish emas, bor haqiqatni yozish. Yomonmi, yaxshimi, real vaziyatni yoritish. Muammolarni ko’tarib chiqish, xabar berish”,- deydi u.

Targ’ibot jurnalist uchun tamoman yot narsa bo’lishi kerak, deydi Frank Sesno, yangilik nima, shuni xolis ayting bas.

“Jurnalist xabar tarqatgani bois ham xalq fikri va qarashini shakllantirish qudratiga ega. Bu vakolatni suiiste’mol qilmaslik kerak. Odamlarga xolis axborot bersangiz, ular o’ylanadi, bilmaganini bilib, tegishli xulosa chiqaradi. Jurnalistning ishi bu oq, bu qora deyish emas”.

Amerikaning taniqli jurnalistlaridan Den Frumkin asosan internetda yozadi. O’zgarishlarni yoritishda tinchlikka urg’u berishning aybi yo’q, deya bahslashadi u.

“Urush va notinchlikka olib kelayotgan sabablar nima? Bu masalani yoritsangiz, mojaro ortidagi omillar va uning oqibatlari haqida gapirishga majbursiz. Xalq ahvoli qanday ekanini yaqindan ko’rsatishingiz kerak. Siz berayotgan maqola yoki lavha tabiiyki tinchlikni targ’ib qiladi”.

G’arbda jamoatchilik yangilik desa salbiy mazmundagi xabarlarga o’rgangan. Talofat, halokat, janjal va tortishuv.

Tajribali jurnalistlar “xabarning qanday ekani bizning aybimiz emas” deydi.

“Biz yangilik yetkazadigan elchimiz xolos”,- deydi ular.

Lekin yangilikni yoritish juda nozik jarayon. Xabar, sharh va tahlilda vaziyatga har tomonlama qarash kerak. Axborot vositalari turli fikrlar to’qnashadigan, odamlarni bir-biri bilan bog’laydigan minbar bo’lishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG