AQSh maxsus elchisi Toshkentda, ayollar masalasi bo'yicha gaplashmoqda


Melan Vervir AQShning ayollar taraqqiyoti bo'yicha global tashabbuslariga boshchilik qiladi

Melan Vervir AQShning ayollar taraqqiyoti bo'yicha global tashabbuslariga boshchilik qiladi

18-20 iyul kunlari Bishkekda xalqaro ayollar anjumani bo'lib o'tadi.

Muvaffaqiyat sari Strategiya: Markaziy Osiyo va Afg'oniston Xotin-Qizlari uchun Iqtisodiy Simpozium homiysi - Amerika Qo'shma Shtatlari. Tashabbus boshida esa maxsus elchi Melan Vervir (Melanne Verveer) turibdi.

Ayni damda Vervir xonim Toshkentga safar qilmoqda. O'zbekiston rasmiy doiralari va nohukumat tashkilotlarning vakillari bilan muloqot olib bormoqda.

Melan Vervir haqida ilk marta eshitayotgan bo’lishingiz mumkin, lekin bu ayol Amerika tashqi siyosatida, ayniqsa gender masalalari, ayollarning siyosiy-ijtimoiy faolligi yo’lida uzoq yillardan beri muhim rol o’ynab keladi.

Vervir xonim Bill Klinton rahbarlik davrida, 1992-2000 yillarda Oq Uyda ishlagan. Prezident va uning rafiqasi Xillari Klintonning yaqin maslahatchisi bo’lgan.

Mana ikki yildan oshdiki, Xillari Klinton Davlat kotibasi ekan, Melan Vervir maxsus elchi sifatida dunyo kezib, ayollar manfaatini olg’a surmoqda.

Toshkent

Toshkent

1997 yilda Xillari Klinton O’zbekistonga borganida, Vervir xonim unga hamrohlik qilgan.

14 yildan keyin respublikaga qaytib, ikki mamlakat xotin-qizlari hamkorligini oshirish ustida gaplashmoqda.

“O’zbekistonda ikki kun bo’laman. 1997 yilgi safar kechagidek yodimda, ayniqsa, yoshlar bilan uchrashuvlarimiz. Shuningdek, xotin-qizlar asos solgan loyiha va tashkilotlarning ishi bilan tanishganmiz”,- deya eslaydi diplomat.

Melan Vervir fikricha, hech bir jamiyat ayollarning faol ishtirokisiz, ularning qarashlarini hisobga olmay, rivojlana olmaydi.

O’zbekiston xalqi buni biladi va xotin-qizlar roli oshib bormoqda, deydi u, xususan, sog’liqni saqlash va ta’lim sohasida hamda mahalliy hokimiyatlarda.

Shu bilan birga ayollar oldida cheksiz to’siqlar turgani sir emas. Eng muhimi, deydi Melan Virvir, yosh qizlar o’rnak olsa bo’ladigan ayollar ko’p. Yetuk, jafokash mutaxassislar, faollar, mehnatkashlar.

“Ayol borki, mashaqqatli sinovlar bilan yuzlashadi. Lekin shunday xotin-qizlarimiz ham borki, ular o’sha murakkab holatdan nafaqat chiqib keta oladi, balki boshqalarning hayotini ham osonlashtirish, yaxshilash uchun xizmat qiladi”, - deydi Melan Vervir.

“Toshkentda iqtisod va tijorat masalalari bo’yicha muzokaralar rejalangan. Parlament a’zolari bilan ko’rishamiz. Uchrashuvlar samara beradi degan umiddaman. Biz O’zbekiston tomonni tinglayapmiz, ular esa bizni. Ayollar taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilish maqsadidamiz”, - deydi diplomat.

AQSh maxsus elchisi Toshkentda fuqaro jamiyati a’zolari, ayniqsa, ayol faollarga quloq tutib, ularni qiynayotgan muammolarni tinglab, fikr almashish umidida.

So’ngra esa Bishkekka yo’l oladi va dushanba kuni xalqaro simpoziumda so’zlaydi. Yig’inni Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva ochib beradi.

Melan Vervir qatorida u yerda Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini ham ishtirok etadi.

Mintaqa davlatlari va Afg’onistondan 100 dan ortiq ayollar qatnashishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG