Elchi xotirasi uchun "Shafqat maktubi" yig'ildi

  • Amerika Ovozi

Yaqinda Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida yuzlab amerikaliklar yig’ilib, AQShning Liviyadagi konsulligiga uyushtirilgan hujumda halok bo’lgan elchi Kris Stivens va yana uch amerikalik diplomatni xotirlashdi. Ayni paytda musulmonlar “Shafqat maktubi” degan xalqaro kampaniya boshlab, marhum elchining oilasi uchun dunyo bo’ylab hamdardlik maktublarini yig’di.


Asli liviyalik AQSh fuqarosi Samar Omeysh elchi Stivensning o’limi haqida ilk bor eshitganda poytaxt Vashington metrosida ishga ketayotgan edi.

“O’sha lahzada birdan ko’zimga yosh kelganini eslayman, - deydi u. - Albatta, har qanday boy berilgan inson hayoti biz uchun qadrli, lekin Liviya xalqi uchun jon kuydirgan bir odamning halok bo’lgani meni larzaga soldi”.

Oradan bir necha kun o’tib Samar “Shafqat maktubi” nomli kampaniya boshlangani haqida eshitib qoldi. Dunyo bo’ylab musulmonlardan elchi oilasi uchun ta’ziya xatlarini yig’ishayotgan edi.

Ushbu harakatga ogayolik musulmon Tariq Al-Masidi asos soldi. Uning “Skype” orqali “Amerika Ovozi”ga aytishicha, maqsad musulmonlarning nafratga yaxshilik bilan javob berishlarini dunyoga ko’rsatishdir.

“Juda ta’sirchan ish bol’di bu. Kampaniyaning katta harakatga aylanishi dastlabki soatlardan ma’lum edi. Internetga formani qo’yishimiz bilan, bizga zudlik bilan xatlar kela boshladi. Odamlar yo’llagan maktublarni o’qish bu ishning eng maroqli qismidir”, - deydi Masidi.

AQShdagi bir qator musulmon tashkilotlari “Shafqat maktubi”ni qo’llab-quvvatladi. Ular orasida Musulmon jamoatchilik aloqalari konsulligi ham bor.
Konsullikning Vashingtondagi ofisi yetakchisi Xaris Tarin gapiradi.

“Bu biz uchun tashkilot sifatida elchining millatga xizmatini qadrlash imkonini beradi. AQSh xalqiga esa amerikalik musulmonlarni yaxshiroq tanitish, ular ham bo’lib o’tgan ishlardan iztirobda ekanini anglatish vositasidir”, - deydi Tarin.

“Shafqat maktubi” harakati asoschisi Al-Masidi 10 kun ichida mingta xat yig’ishni umid qilayotgan edi. Ammo ikki kunda maktublar soni mingdan oshib ketdi.
Kampaniya so’ngigacha 100 dan ortiq mamlakatdan jami 7200 ta hamdardlik va ta’ziya maktublari olindi.

Samar o’zi yozgan maktubdan parcha o’qib beradi.

“Liviya xalqi yaxshiroq kelajakni bunyod etish uchun elchi boshlab bergan yo’lni davom ettirishga va’da beradi. Biz haqiqiy do’st, jasur qahramon va buyuk rahnamoni boy berdik. Xatimni o’qishga vaqt topganingiz uchun sizga katta rahmat. Xudo sizga yor bo’lsin”, - deya maktubini tamomlaydi Samar.

“Shafqat maktubi” harakati yetakchilari keyingi oy internetdan kelgan barcha maktublarni qog’ozga chiqarib, elchi oilasiga taqdim etishni rejalamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG