Angela Merkel Qirg'izistonga keldi

  • Amerika Ovozi

Germaniya Kansleri Angela Merkel (o'ngda) Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan, Bishkek, Qirg'iziston, 14-iyul, 2016-yil.

Germaniya Kansleri Angela Merkel (o'ngda) Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan, Bishkek, Qirg'iziston, 14-iyul, 2016-yil.

Germaniya Kansleri Angela Merkel ikki kunlik tashrif bilan Qirg'izistonga keldi. U poytaxt Bishkekda Prezident Almazbek Atambayev va mahalliy yetakchilar bilan uchrashdi.

Merkel Qirg'izistonda demokratiyaning rivojlanayotganini olqishlab, bu Berlin-Bishkek aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta'kidladi.

TOMOSHA QILING: Angela Merkelning Qirg'izistonga tashrifi

Germaniya rahbari Qirg'izistonda o'zbek faoli Azimjon Asqarov ishining qayta ko'rilayotganidan xursand ekanini ham bildirdi. 2010-yil mamlakat janubidagi zo'ravonliklarga aloqadorlikda ayblangan Asqarov umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Shu hafta Oliy sud uning ishini qayta ko'rib chiqib, avvalgi hukmni bekor qildi va ishni qayta o'rganib chiqish uchun quyi sudga jo'natdi. Merkel Asqarovning adolatli sudlanishidan umid bildirdi.

Atambayev Qirg'iziston Asqarov ishi qayta ko'riladigan sudga xalqaro kuzatuvchilarni, xususan, Germaniya vakillarini taklif qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Uning aytishicha, Qirg'izsiton Asqarovni ozod qilish bo'yicha xalqaro inson huquqlari tashkilotlari chaqiriqlarini hisobga olgan, ammo gap uni ozod qilishda emas. Sudlanuvchining huquqlari buzilgani haqida da'volar tushgani bois Chuy viloyat sudi ishni qayta ko'rib chiqadi, dedi Qirg'iziston rahbari.

Germaniya va Qirg'iziston yetakchilari ekstremizm mavzusida ham muzokara olib borgan.

"Biz islom haqida, radikal islom propaganda qilinayotgani haqida gaplashdik, - dedi Merkel. - Imkon qadar ko'proq mahalliy imomlarni tayyorlash kerak, degan qarashda hamfikr bo'ldik".

Kansler mahalliy diniy yetakchilar va etnik ozchilik rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o'tkazgan.

Merkelning Qirg'izistonga tashrifi Markaziy Osiyo o'lkasining demokratik jihatdan rivojlanib borayotganiga sovg'a sifatida ramziy ahamiyatga ega ekani aytilmoqda.

Merkel Qirg'izistondan so'ng Mongoliyaga yo'l oladi. U mintaqaning O'zbekiston va Qozog'iston kabi yetakchi davlatlariga bormayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG