Yaqin Sharqda "MERS" virusidan kasallanganlar soni ortmoqda

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistonida “MERS” deya atalayotgan nafas olish organlari yallig’lanishiga oid virusning keng tarqalayotgani jahon hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Mintaqa bo’ylab kasallikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirilgan. 24-aprel kuni Saudiya Arabistoni rasmiylari “MERS” virusidan halok bo’lganlar soni yana ikkitaga oshganini ma’lum qildi. Bir kun avval Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ushbu virus qurboni bo’lganlar soni ortib borayotganini tashvish bilan tilga olgan edi.

Saudiya Arabistoni va Misr sog’liqni saqlash rasmiylari virus solayotgan tahdid ko’lamini kamaytirib ko’rsatishga urinmoqda.

“MERS” virusi bilan xastalangan bemorlarning uchdan biri, odatda, kasallikdan vafot etadi. Bu xavfli virus ilk bor ikki yil avval Saudiya Arabistonida aniqlangan. Saudiya rasmiylari ma’lumotiga ko’ra, silga o’xshagan simptomlarga ega kasallikka chalinganlar soni 300 taga yetgan. So’nggi haftaning o’zida esa ularning soni yana 50 nafarga oshgan.

Mahalliy rasmiylar ortiqcha vahima qilishga hamda qo’shimcha muhofaza choralarini tatbiq etishga hojat yo’qligini aytmoqda.

Misr Sog’liqni saqlash vazirligi rasmiysi doktor Amr Qandilning aytishicha, butun mamlakat bo’ylab aholi uchun tekshiruv punktlari tashkil etilgan.

“8500 dan ortiq odam tekshiruvdan o’tkazildi. Ularning hech birida bu virus topilmadi”, - deydi u.

Ammo ko’plab misrliklar Saudiya Arabistoniga va minataqaning boshqa davlatlariga safar qilar ekan, “MERS”ning tarqalish xavfi yuqoriligicha qolaveradi, deydi Qandil.

Kasallik dastlab tuyalarda aniqlangan va odamlarga faqat hayvonlar orqali yuqishi taxmin qilingan. So’nggi paytlarda “MERS” bilan xastalangan bemorlarni davolagan shifokorlarga ham virus yuqqani aniqlangan.

Kasallikning odamdan odamga yuqish holatlari Fors ko’rfazining boshqa o’lkalarida, hatto Yevropa va Malayziyada ham uchragan. Shu bois xalqaro hamjamiyat orasida xavotirlar oshmoqda.

Virus haqida yetarli darajada tadqiqotlar o’tkazilmagan. Yaqinda Saudiya Arabistoni Sog’liqni saqlash vaziri Abdulloh bin Abdulaziz al-Robia xastalikning o’ziga xos jihatlari hanuz noma’lum qolayotganini aytgan edi.

“Kasallik nega aprel va may oylarida kuchayayotgani sababini yaqin orada aniqlaymiz, degan umiddamiz. Ehtimol, bu virus ko’payishi uchun eng yaxshi mavsumdir. Bu haqda hech narsa bilmayman”, - dedi u.

Ushbu gaplar aytilishidan bir kun o’tib Saudiya Arabistonining Sog’liqni saqlash vaziri yangilandi. Al-Robianing ishdan olinishi sababi aytilmagan bo’lsa-da, uning “MERS” virusi keng taraqlayotgani bilan bog’liq ekani taxmin qilinmoqda. Chunki iyulda boshlanadigan Ramazon oyi davomida hamda oktabr oyidagi haj mavsumida butun dunyodan millionlab ziyoratchilar Saudiya Arabistoniga keladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG