"Sotqin" jurnalist O'zbekiston rahbarini intervyuga chaqirmoqda


Danish independent filmmaker Michael Andersen

Danish independent filmmaker Michael Andersen

Daniyalik jurnalist Maykl Andersen (Michael Andersen) O’zbekiston va qo’shni davlatlarda rahbarlar ekstremizm xavfidan o’z siyosiy maqsadlarida foydalanib kelmoqda deb bong urayotgan tahlilchilardan. Uning yangi hujjatli filmi g’arbu sharq ommasini Markaziy Osiyo liderlariga ishonmang deya ogohlantiradi.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Maykl Andersen "Men bir xabarchiman, O'zbekistonning dushmani emasman" deydi.

Maykl Andersen O’zbekiston hukumati tarafdorlari nazarida vijdonsiz bir shaxs; O’zbekistonni chet elda yomonlab pul ishlab yurgan “jurnalist” lardan biri. Bu ta’rifni unga eslatsangiz, “Rostdanmi”? - deya kinoya bilan javob beradi.

"Men tanqidim uchun sotqin bo’lsam, unda O’zbekiston davlat axborot organlari va uning ortida turgan odamlarni nima deb atash mumkin? O’z xalqini laqillatib, uning o’zi ko’rib, boshdan kechirib turgan narsani qora emas, oppoq deb ta’riflayotgan rahbarlarni nima deb atash mumkin”?

O’zbekiston hukumati, deydi u, aybni azaldan haqiqatni aytishga uringan jurnalistlarga qo’yib keladi.

"Tanqid qilsangiz, davlat dushmanisiz. Savolga tutsangiz, siz bu davlatni ko’ra olmayapsiz. Iqtisodiy ahvoli nochor, imkoniyatlari cheklangan xalq kimga dodini aytsin? Men singari regionda uzoq vaqt ishlagan, mentalitet va siyosat bilan tanish jurnalistlar bu muammolarni ko’tarib chiqmasa, najot kimdan keladi”? deya o’ylanadi Maykl Andersen.

“Ijodimni murakkab, chigal mavzularni yoritishga bag’ishlaganman. O’zbekiston haqida ishlagan filmlarim – Andijon fojiasi haqidami yoki radikalizm afsonasi, maqsadim bu mamlakat va uning atrofidagi o’lkalar haqida xalqaro hamjamiyatga hikoya qilish. Odamlar balki mening hujjatli asarlarimda bildirilgan fikrlarga qo’shilmas, bu tabiiy. Lekin men bir xabarchiman. Bor gapni aytaman. Haqiqatdan achchiqlansangiz, uning sababi va sababchilari kim deb so’rang”, - deydi Maykl Andersen.

"Markaziy Osiyoda ekstremizm afsonasi” (A Myth of Religious Extremism in Central Asia) deb nomlangan so’nggi hujjatli filmida Maykl Andersen hukumatlarni xalqqa qarshi uydirmalarda ayblaydi. Radikalizm va terrorizm tahdidi ular uchun bir bahona, deydi u, asl maqsad odamlarni qo’rqitib, hukmronlikni boy bermaslik.

Maykl Andersen o’z ijodiy uyushmasiga ega. Tahliliy material, reportaj va hujjatli filmlarini yirik telekompaniyalar, jumladan dunyo bo’ylab arab va ingliz tilida efirga chiqadigan “Al-Jazira” (Al-Jazeera) kanali sotib oladi. Informatsion material – mahsulot, unga haq to’lashadi.

“Ishim – tirikchiligim. Filmdan tushgan pul safar, xarajatlar, xodimlar maoshi va boshqa zaruriyatlarni qoplaydi. Hamma mehnati uchun haq oladi. O’zbekistonda esa meni buning uchun vijdonsizlikda ayblashayapti. Tuzum naqadar irodasiz ekanini shundan bilsa bo’ladi”, - deydi jurnalist.

Xolislik – jurnalistikaning bosh suyagi

Maykl Andersen hujjatli filmida Yevropa rasmiylari qatorida O’zbekiston hukumati tomonidan qo’poruvchilikda va tuzumga qarshi ig’volarda ayblangan muxolifat, terrorizmda gumon qilinadigan Hizb-ut-Tahrir a’zolari bilan so’zlashgan.

Respublika rahbariyati bilan-chi? "Ular bilan gaplashishga urinib kelayapman. Vazirliklarga murojaat qilib, biror javob olmaganman",- deydi jurnalist.

"Shaxsan Islom Karimovning o'ziga savol berishni xohlardim. "20 yildan oshiq davr mobaynida bu xalqqa nima qildingiz"? deb. Qaniydi hukumat a’zolari biz bilan o'tirib, o'z qaror va pozitsiyalarini tushuntirsa. Marhamat, aytishsin dardini. O'zbekistonga necha bor viza so'radim. Men kabi sarson bo'lganlar qancha. Boraylik, savol beraylik o'zini g'amxo'r va fidoiy deb biladigan bu hukumatga. Ularning intervyu berishga haddi sig'maydi. Siz axir bir yurtni boshqaryapsiz. O'z siyosatingizni oqlamoqchi bo'lsangiz, marhamat, gapiring",- deya chaqiradi Maykl Andersen.

Nafaqat rasmiylar balki O’zbekistonda doimiy tazyiq ostida yashayotgan muxolifatchilar va huquq faollari bilan ham gaplashish amri mahol. Filmda uzoq davrdan beri G’arbda istiqomat qilayotgan Muhammad Solih, “Erk” partiyasi yetakchisi respublikadagi bugungi vaziyat haqida fikr bildiradi.

“To’g’ri”,- deydi Maykl Andersen, “Muhammad Solih vatanni majburan tark etganiga ancha bo’ldi, lekin u ozmi-ko’pmi xalqaro hamjamiyatga tanilgan, e’tibor qozongan shaxs. Bahoni unga tomoshabin beradi. Hizb-ut-Tahrir a’zolari bilan gaplashishdan maqsad bu harakatni targ’ib qilish emas, uning maqsadini ommaga fosh etish. Xalq o’zi xulosa chiqaradi. O’zbekistonda o’tirib erkin fikr bildirish oson bo’lganida, biz bu yurtni kezib jamoatchilik bilan suhbat qurgan bo’lardik”.

Maykl Andersen hozirda Andijon fojiasiga bag’ishlangan ikkinchi hujjatli film ustida ishlamoqda. U ham O’zbekiston hukumatiga nisbatan keskin tanqidlarga to’la bo’lishi turgan gap.

“Meni o’zbek xalqiga tuhmat qilayapti yoki mamlakatni do’zax qilib ko’rsatayapti degan iddaolar bilan qo’rqita olishmaydi”,- deydi Maykl Andersen. “Hukumatning jig’iga tekkan minglab fuqarolar hozir turmada azob-uqubatda o’tiribdi. Yana millionlab insonlar bugungi siyosatga bosh egib, bir amallab kun kechirib yuribdi. Ular dardini katta sahnaga men singari jurnalistlar olib chiqmasa, kim aytadi”? – deydi Maykl Andersen.

Amerikaga maslahat: huquq va erkinlikka e'tibor bering

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash eng muhimi deb Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston bilan aloqalarni yaxshilamoqda.

Maykl Andersen Vashingtonni afg'on xalqi tinchligi deb qo’shni jamiyatlarni ezib kelayotgan temir panjali liderlar bilan og’iz-burun o’pishmaslikka chaqirmoqda.

Afg’onistondagi muammolar irodasizlik mahsuli ekan, nega Obama ma’muriyati xuddi shu illatni o’zida mujassam etgan rahbarlar bilan hamkorlik qilmoqda deya hayron bo’ladi u.

Amerika rasmiylari esa bunga javoban, O’zbekistonda huquq va demokratiya masalasining Afg’oniston bobidagi hamkorlikka aloqasi yo’q deydi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning qayd etishicha, AQSh erkinlikni targ’ib qilishda, uning uchun kurashda, repressiyaga qarshi gapirishda davom etadi. Lekin qo’shni Afg’oniston tinchligi O’zbekiston va boshqa qo’shnilar manfaati uchun xizmat qilar ekan, bu borada hamkorlik qilmasdan iloj yo’q.

Maykl Andersenning filmini tomosha qilgan amerikaliklar, amaldor va diplomatlar unda bildirilgan ayrim qarashlarga qo’shilmasa-da, uning tub mazmunida jon bor deya tan oladi. Dunyo ahli Markaziy Osiyo haqida qancha ko’p bilsa shuncha kam. Tez-tez quloqqa chalinadigan eslatma shuki, hukumatlar bu kabi materiallarga fitna yoki tuhmat deb qarasa, uni omma oldida ochiq isbotlab berishi kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG