Yaqin Sharqda nima gap? 21-iyul tafsilotlari

  • Amerika Ovozi

Tahrir maydonidagi namoyishlarni qo'llab-quvvatlashga chaqiruvchi shiorlar, Qohira, Misr

Tahrir maydonidagi namoyishlarni qo'llab-quvvatlashga chaqiruvchi shiorlar, Qohira, Misr

MISR

Misrda yangi vazirlar qasamyod keltirdi. Marosim dushanba kuni o'tishi kerak edi, biroq Bosh vazir Essam Sharaf kasal bo'lib qolgani sabab qoldirilgandi. 27 a'zolik Vazirlar Mahkamasida 14 vazir yangi.

Sobiq prezident Husni Muborak hokimiyatdan ag'darilganidan beri xalq davlatni vaqtincha boshqarayotgan harbiy kengashdan siyosiy islohotlarni tezlashtirishni, sobiq rasmiylarni sud qilishni talab qilgan.

Harbiy kengashning kecha ma'lum qilishicha, yil oxiriga o'tishi rejalanayotgan parlament saylovlarini nazorat etish uchun xalqaro kuzatuvchilar taklif etilmaydi. Rahbariyat xorijning saylov natijalariga ta'siridan xavotirda.

Harbiy kengash saylov kunini 18-sentabrdan so'ng belgilashi aytilmoqda. Jarayon uch bosqichdan iborat bo'lib, har bir bosqich 15 kun oraliqda o'tkaziladi.

YAMAN

Yamanda al-Qoida yetakchisi o'ldirilgani haqida xabar qilinmoqda. Ma'lum bo'lishicha, Ayad al-Shabvaniy janubdagi Zinjibar shahrida hukumat kuchlari va jangarilar o'rtasidagi jang paytida o'lgan. May oyidan beri shahar al-Qoida qo'lida edi. Shuningdek, al-Shabvaniyning o'rinbosari ham yo'q qilingan.

Kecha Aden shahrida britaniyalik tadbirkor mashinasiga o'rnatilgan bomba portlab, biznesmen o'lgan.

SURIYA

Suriyaning Hims shahrida hukumatga qarshi bosh ko'targan odamlarga nisbatan ta'qiblar davom etar ekan, shaharga tanklar kiritilib, ko'chalar to'sib qo'yilgan. Xavfsizlik kuchlari uyma-uy yurib, namoyishlarda ishtirok etganlarni qidirmoqda. Ko'plab odamlar hibsga olingan. Dushanbadan beri salkam 20 kishining o'lgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG