Yaqin Sharqda mushtarak qo'shinlar tuziladimi?

  • Amerika Ovozi

Misr Prezidenti Abdulfattoh al-Sissiy harbiylar bilan

Misr Prezidenti Abdulfattoh al-Sissiy harbiylar bilan

Bir necha oydan buyon arab davlatlari mintaqa yuz tutayotgan tahdidlarga qarshi kurashish uchun mushtarak qo’shin tuzish haqida bong uradi. Misrda o’tgan katta majlisda bu haqda kelishib olindi, ammo Yaqin Sharqdagi murakkab mojarolarni hal etish oson bo’lmaydi, deydi tahlilchilar.

Arab hukumatlari mintaqa xavfsizligini ta’minlash o’zimizga bog’liq degan fikrda bugun yakdil.

Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy Arab Ligasi sammitida so’zlar ekan, qo’shma armiya tuzish masalasini o’rganib chiqish uchun qo’mita tuzamiz deya va’da berdi.

Qo’mitaga kim rahbarlik qilishi va mushtarak qo’shin qayerga yuborilishi hozircha noma’lum. Liviya, Yaman, Iroq va Suriyaga deya taxmin qilinmoqda.

Biroq bu rejani Arab Ligasining ayrim davlatlari ma’qullamaydi. Iroq Tashqi ishlar vaziri Ibrohim Ja’fariy qo’shni mamlakatlar ichki ishlariga aralashishga qarshi.

“Aralashuv natijasida mojarolar hal bo’lmaydi, aksincha ular yanada chuqurlashishiga olib keladi”, - deydi rasmiy.

“Arab jamiyatlarida ichki va tashqi ziddiyatlar ko’p. Sunniy xalqlar Saudiya Arabistoni bilan ittifoqchi, shialar esa Eron atrofida birlashgan”, - deydi Iroq vaziri.

“Birlashgan arab qo’shinlari” iborasining o’zi ziddiyatlarga to’la, deb yozadi mintaqada chiqadigan gazetalardan biri.

Qarama-qarshiliklar shu qadar chuqurki, birlashgan armiya tuza olishimiz savol ostida, deb hisoblaydi tashqi ishlar vaziri sobiq muovini va Misrda elchi bo’lgan Abdulla al-Ashal.

“Arab davlatlari qachondan beri bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladigan bo’lib qoldi?” Uning fikricha, bir-biriga zid uyushmalar urush alangasiga o’tin bo’lib xizmat qilishi mumkin.

Masalan, Yamanda Eron tayanchiga ega hutiylar Saudiya Arabistoni qo’llab-quvvatlayotgan hukumatga qarshi kurashmoqda. Yaman ishlariga aralashuv Eron bilan urushni anglatadi, deydi al-Ashal.

“Birlashgan qo’shinlar nima qilmoqchi? Eron bilan urushmoqchimi? Hammasi yer bilan yakson bo’ladi. Eron harbiy jihatdan baquvvat”.

Ammo mintaqa oldida umumiy tahdid mavjud – “Islomiy davlat” guruhi, deydi siyosatshunos Hisham Qosim. AQSh, NATO va BMT Yaqin Sharqqa qo’shin yuborishni istamaydi. Demak, mintaqa davlatlarining o’zi terrorchilarga qarshi kurashishga majbur.

“Boshqa yo’l yo’q. AQSh va Yevropaning yordami bilan mishtarak kuch tuzilishi kerak. Bevosita xavf ostida bo’lgan hech bir taraf “bu mening ishim emas, askarlarimizning bu urushda o’lishini istamaymiz”, deb chetda qarab turolmaydi”, - deydi Qosim.

Ochig’ini aytganda, deydi u, Arab Ligasi bunday vazifani bajarishga mos tashkilot emas, chunki o’tmishda biror ishning uddasidan chiqqan hollar kam bo’lgan. Ayni vaqtda ba’zi hukumatlar tashabbusga qo’shilmaymiz desa, boshqalarining harbiy imkoniyatlari cheklangan.

Shuning uchun keng ko’lamli harbiy harakatlar Misr zimmasiga tushishi mumkin.

“Mushtarak qo’shinlar o’zagini Misr harbiylari tashkil qiladi. Ammo ular boshqa davlatlar, masalan Isroil bilan urush olib borish tajribasiga ega, aksil-terror operatsiyalarini o’tkazishda emas”, - deydi suhbatdosh.

Yaqin Sharq mintaqasida ittifoqchilik o’zgaruvchan xarakterga ega. Turli hukumatlar va guruhlar bir-biri bilan kelisha olmasa-da, “Islomiy davlat”ga qarshi kurashga kelganda fikrlar hamohang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG