"Ozodlik uyi": Yaqin Sharqda matbuot erkinligi yanada cheklangan

  • Amerika Ovozi

Misr politsiyasi

Misr politsiyasi

Matbuot erkinligi himoyachilari ayrim davlatlarda jurnalistlarning hibsga olinayotgani, internetdan foydalanish imkoniyatlari cheklanayotganidan xavotirda. Vashingtonda joylashgan “Freedom House” (“Ozodlik uyi”) tashkiloti so’z va matbuot erkinligining cheklanishi inson huquqlarining toptalishi bilan teng ekaniga urg’u berar ekan, bu holda jamiyatlarda demokratiya ham qaror topmaydi, deydi.

“Freedom House” tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo’yicha dasturi rahbari Charlz Danning aytishicha, Misrda jurnalistlar tazyiq va ta’qiblarga uchramoqda, Turkiyada esa yangi qonun loyihasi internetdan foydalanish imkoniyatini cheklashini ko’zda tutadi. Bu demokratiya to’la qaror topmagan Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlarda erkinliklar cheklanayotganidan dalolatdir, deydi u.

“Yanvarda chop etgan yillik xalqaro hisobotimiz xulosalariga ko’ra, avtoritar tuzumlar kuchaymoqda, ayniqsa ko’pgina arab mamlakatlarida. Boshqa davlatlarda ham repressiv hukumatlar nafaqat jurnalistlar, balki blogger va hatto Twitter tarmog’i foydalanuvchilarini siquvga olayotgani aniq. Bu tashvishlanarli hol, albatta”, - deydi Dann.

Turkiyada internetni cheklashni ko’zda tutuvchi yangi qonun loyihasi ommaviy noroziliklarga sabab bo’ldi. Hukumat o’zgarishlardan maqsad fuqarolar shaxsiy hayotini himoya qilish desa-da, so’z erkinligi kurashchisi Selin Kaledelen fikricha, qonundan asl maqsad matbuotga rasmiylar faoliyatini o’rganish imkonini bermaslik.

“Bu qonunlar bobida hukumat diktaturasining o’zginasi. Yangi qonun aslida senzura, lekin biz buni tushunib yetganimizcha yo’q”, - deydi faol.

Misrda Al-Jazira telekanali muxbirining hibsga olinishini BMTning inson huquqlari bo’yicha bosh vakili Rupert Kolvil qoralab chiqdi.

“Buning terrorchilik deb talqin qilinishi va jurnalist terrorchilarni qo’llab-quvvatlagan deyilishi aql bovar qilmaydigan hol. Bu juda tashvishlanarli, albatta. Vaziyat tezda o’zgaradi, deb umid qilamiz”, - deydi u.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psakiga ko’ra, AQSh hukumati Misrda jurnalistlarning hibsga olinganidan xavotirda.

“Hech bir jurnalist, qaysi gazeta yoki televideniyeda ishlashidan qat’i nazar, jismoniy xuruj yoki siyosiy va qonuniy ta’qib nishoniga aylanmasligi kerak. Ular Misrda bemalol o’z ishini bajarishi uchun himoyalangan bo’lishi shart”.

Psakining aytishicha, AQSh hukumati so’z va matbuot erkinligini himoya qiladi va barcha taraflar bu huquqlarga hurmat bilan yondashishi kerak.

“Freedom House” xodimi Charlz Dann so’z va fikr erkinligi demokratiya poydevori der ekan, bu huquqqa ega bo’lgandagina odamlar to’g’ri qaror qabul qila oladi, deydi.

“Odamlar jurnalistlar yoki boshqa axborot vositalari orqali o’z fikrini bemalol ifoda eta olmasa, so’z erkinligi ham qolmaydi. Xalq siyosatga aralashmay qo’yadi”.

“Arab bahori”ning boshlanishida matbuot, bloglar va ijtimoiy tarmoqlar katta rol o’ynadi, albatta, ammo ularni cheklash jamiyatdagi ziddiyatlarni yo’q qilmaydi va barqarorlikni o’rnatishda yordam bermaydi, deydi Dann.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG