Mojaro sabab Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada 13 million bola maktabga qatnamayapti

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg'armasi hisobotiga ko'ra, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mojarolar oqibatida bu hududlarda ta'lim tizimi zaiflashib, to'qqiz mamlakatda 13 milliondan ziyod bola maktabga chiqolmagan.

YUNISEF hisobotida aytilishicha, ayrim joylarda qurolli guruhlar bolalarni ham jalb qilmoqda. Maktablar hujumlar oqibatida zarar ko'rgan, ota-onalar bolalarni xavfsizlik nuqtai nazaridan maktabga yubormayapti.

Asosan Suriya, Iroq, Yaman, Sudan, Iordaniya, Livan, Turkiya va Falastindagi vaziyat o'rganilgan. Hisobotga ko'ra, maktab yoshidagi bolalarning 40 foizi bilim ololmay uyda o'tiribdi.

"Mojarolar oqibatida yillar davomida erishilgan yutuqlar, qo'lga kiritilgan sarmoya chippakka chiqmoqda, ta'lim tizimi rivojlanmayapti", - deydi tashkilotning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo'yicha direktori Piter Salama.

Unga ko'ra, bu mamlakatlarda malakali o'qituvchilar soni keskin kamaygan, ayniqsa Sudan va Yamanda. O'qituvchilarning ba'zilari uy-joyini tark etishga majbur bo'ldi, boshqalar qamalgan yoki hujumga uchragan.

Hisobotda aytilishicha, qo'shni davlatlarda ham ahvol ayanchli, chunki yon atrofdagi mamlakatlardan millionlab qochqinlar kelgan. Ularning bolalar mahalliy tilni o'rganishda, boshqa o'quv dasturiga ko'nikishda qiynalmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG