Yaqin Sharqda tinchlik istab: Isroil va Falastin yuzma-yuz muzokara boshlayapti


Iroqda urushni yakunlab, prezident Barak Obama endi e’tiborni Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga qaratadi. Kelasi bir yil ichida Isroil-Falastin orasida tinchlik kelishuvi imzolanishi kerak.

Obama bugun Oq uyda Yaqin Sharq rahbarlarini qabul qilmoqda. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Falastin rahbari Mahmud Abbos, Iordaniya qiroli Abdulla va Misr prezidenti Husni Muborak Oq uyda mehmon.

Rahbarlar muzokara stoliga endi o’tiraman deganda, Yaqin Sharqdan yana bir shumxabar keldi. Iordan daryosining g’arbiy sohilida Xamas jangarilari to’rt isroillikni otib o’ldirgan, ulardan biri – homilador ayol.

Falastin xavfsizlik kuchlari zudlik bilan tergov boshlab, Xamasning 200 dan ziyod a’zosini qamoqqa olgan. AQSh va Falastin ma’muriyatlari qotillikni qoralamoqda. Isroil hukumati jinoyatchilarni topishga ko’rsatma bergan.

Qonli hodisa ikki yillik tanaffusdan so’ng arang boshlanayotgan muloqotni izdan chiqaradi, degan xavotirlarni avj oldirdi.

Falastinliklar 1967 yilgi urushgacha bo’lgan chegaraga qaytib, Quddus sharqini o’ziga poytaxt qilib olmoqchi. Isroil Falastin davlati yaratilishiga rozi, ammo bir qancha shartlar bilan.

Sharqshunos olim Shibli Telhami deydiki, ikki mustaqil davlat barpo etish uchun vaqt tugab boryapti. “Tortishuvlarning esa oxiri ko’rinmaydi. Tinchlik jarayoni uzluksiz davom etishiga yo’l qo’ymaslik kerak”, - deydi u.

Muloqotning yangi davrasi shu oy sinovdan o’tadi. Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiylar uchun uy-joy qurilishiga qo’yilgan taqiq muhlati tugab bormoqda.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning safdoshlari “moratoriy davom etsa, koalitsion hukumat parchalanadi”, deb ogohlantirgan.

“Yahudiy posyolkalari yangi muzokaraga to’siq bo’lib turgan asosiy omillardan”, - deydi tahlilchi Deyvid Makovskiy.

Qo’shma Shtatlar qurilish kengayishi tinchlikka yo’l bermayapti deb bot-bot ta’kidlab kelsa-da, Isroil qaroridan qaytgani yo’q. Falastin o’z davlatini barpo etishni ko’zlayotgan hududda Isroil 120 ga yaqin aholi punktiga ega va bu yerda 300 ming yahudiy yashaydi.

AQSh bosh muzokarachisi Jorj Mitchellning aytishishicha, Quddus maqomi, qochqinlar hamda chegara masalalalari muzokara boshlangach birma-bir hal etiladi. Qo’shma Shtatlar taklif-yechimlar bilan chiqishga tayyor.

“Obama ma’muriyati uchun agressiv vositachilikka o’tish vaqti keldi”, - professor Shibli Telhami. “Isroil va falastinliklarning o’ziga qo’yib bersangiz, ular hech qachon bir to’xtamga kela olmaydi”.

Tinchlik muzokaralari 1993 yilda boshlanganidan beri turli davlat va arboblar ishtirokida o’tgan sammit-yig’ilishlar biror natija bermagan. Qo’shma Shtatlar uchun bu o’ziga xos referendum, deydi siyosatdon Ajmad Atallah. Uning vositachilik qobiliyati, diplomatik salohiyati sinaladi.

“Kelishmovchilikning negiziga yetish borasidagi sa’y-harakatlari AQShning musulmon dunyosidagi obro’si, unga nisbatan hurmat va ishonchni belgilaydi”, - deydi sharhlovchi.

Yangi muzokaralarda Xamas jangari guruhi ishtirok etmayapti. G’azo sektorida hukmron bu guruhni AQSh va boshqa davlatlar terrorchi tashkilot deb biladi. Xamas Isroil bilan har qanday muloqotga qarshi.

Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton tinchlik jarayoni murakkab, oldinda qiyinchchiliklar bo’lishi tabiiy, demoqda.

“Tomonlarni taslim bo’lmaslikka, faqat oldinga harakat qilishga chaqiraman. Mintaqaga davomiy tinchlik kerak”, - deydi u. Muzokara natija berishi uchun bir yil muhlat berilgan.

XS
SM
MD
LG