AQSh: Isroil bosib olingan yerlarni Falastinga qaytarishi kerak

  • Amerika Ovozi

Syuzan Rays, Prezident Barak Obamaning davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi

Syuzan Rays, Prezident Barak Obamaning davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi

Isroil-Falastin mojarosining oxiri ko'rinmayapti. Suriyada qonli urush davom etmoqda. Iroqda "Islomiy davlat" bilan urush. Yamanda siyosiy kelishmovchilik mazhablararo ziddiyatga aylanib, tashqi kuchlar aralashgan. Vashingtonda arab-amerikaliklar bilan muloqotda Prezident Barak Obamaning davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchisi Syuzan Rays AQSh siyosatini tushuntirishga harakat qildi.

Rays xonim deydiki, AQSh Falastinni mustaqil davlat sifatida ko'rishni istaydi va bunga Isroil bilan kelishuv orqaligina erishish mumkin. Falastin suveren davlat bo'la oladi, deydi Oq uy rasmiysi.

“Qo'shma Shtatlar Falastin xalqini quvvatlaydi va uning Isroil bilan tinchlikda yashay oladigan, yahudiy davlati bilan qo'shnichilik qila oladigan barqaror va farovon jamiyatga aylanishini xohlaydi",- deydi Rays.

Arab-Amerika institutida o'tgan tadbirda so'zlar ekan, Obamaning maslahatchisi Falastin-Isroil mojarosiga nuqta qo'yish Amerikaning azaliy orzusi, deydi.

“Isroil o'z xavfsizligini ta'minlashga haqli. Lekin bosib olingan yerlarni Falastinga qaytarishi shart va arab aholi o'z davlatini barpo etish huquqiga ega".

Syuzan Rays Isroilda bosh vazirlikka qayta saylangan Benyamin Netanyaxuni Falastin bilan til topishishga harakat qilishga undadi. Maqsad tinchlikda yashash bo'lsa, tomonlar muzokara boshlashi va yechim haqida o'ylashi lozim, deydi u. Amerika vositachilik qiladi va murosa yo'lida yordamlashadi.

Obama ma'muriyati Isroil bosib olgan yerlarida yahudiy aholi uchun uy-joy qurayotganiga qarshi. Bu holda Falastin Isroildan yanada uzoqlashmoqda va arablarning g'azabi kuchaymoqda, deydi rasmiy.

“1967-yilda chegara qayerda bo'lgan bo'lsa, o'shanga qaytish kerak. Isroil va Falastin mana shu konkret maqsad tomon dadil qadamlar tashlashi lozim".

Oq uy bunga erishish mumkinligiga ishonadi, deydi Rays xonim. Amerika "Islomiy davlat"ga qarshi Suriya va Iroqda choralar ko'rishda davom etadi va uni yo'q qilmaguncha hujumlar to'xtamaydi, deydi rasmiy.

“Suriya va Iroqda 3500 dan ortiq havo hujumlari olib bordik, "Islomiy davlat"ning 5700 manzili yo'q qilindi", - deydi maslahatchi.

Uning aytishicha, terrorchi guruh nazoratidagi yerlardan 30 foizi qaytib olingan.

Suriyada fuqaro urushini qurol bilan hal qilib bo'lmaydi, deydi Syuzan Rays, siyosiy murosa qilish kerak. Oq uy shu borada harakatda, deydi rasmiy.

Yamandagi mojaro ham BMT vositachiligida murosa orqali to'xtatilishi kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG