O'zbekiston G'azodagi vaziyatdan xavotirda, omma Isroilni qoralamoqda


O’zbekistonlik sharhlovchilar nazarida G’azo blokadasi yuzasidan Isroilning xalqaro hamjamiyat talablarini rad qilayotgani Yaqin Sharqdagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin. O’zbekistonda rasmiy matbuot G’azo sektoridagi xunrezliklarni qoralamoqda.

O’zbekiston ahlining Isroil-Falastin mojarosiga munosabati hukumat pozitsiyasiga qaraganda bir qadar keskinroq ekani kuzatiladi.

“Voqea xususida gaplashsangiz, ko’pchilik juda g’azab bilan qaraydi. Isroil sun’iy bir davlat bo’la turib, na BMTni na xalqaro hamjamiyatni inobatga olmayotganini aytishayapti. Biror odam masala yuzasidan bir ijobiy fikr bildirayotgani yo’q”, - deydi tahlilchi Abdusalom Ergashev.

“G`azo mintaqasiga borayotgan kemalarning xalqaro gumanitar konvoyiga Isroil harbiy dengiz kuchlarining hujumi O’zbekistonda chuqur tashvish va xavotir bilan qabul qilindi” , - deyiladi O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nomidan tarqatilgan bayonotda.

Karimov ma’muriyati bu fojialarni qoralar ekan, BMT rezolyutsiyalari to’liq bajarilishi kerak deb chiqmoqda.

Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar ham G’azo sektoridagi vaziyat yuzasidan xavotir bildiib keladi.

Isroil AQSh bilan maslahatlashgan holda ish tutishini ma’lum qilmoqda.

“Avval ham Isroilga nisbatan BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan biror voqea yuzasidan xalqaro tekshirish o`tkazish talabi

qo’yilganida biror natija bo’lmagan. Chunki, BMT Xavfsizlik Qo’mitasining doimiy a’zosi AQSh Isroilning juda yaqin ittifoqchisi. Shuning uchun Isroil o’ziga ishonch bilan qaraydi. Tekshiruv o`tkazish haqidagi talablarga qarshi chiqaveradi”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Isroildan G’azo sektori qamalini to’xtatish talab qilinmoqda. Yahudiy davlat esa blokada falastinlik jangarilarga tashqaridan qurol- yarog’ kirmasligi uchun eng ma’qul chora deb javob beradi.

“Isroil uchun xalqaro bosimning ahamiyati yo’q, lekin mamlakat ichida bu zo’ravon hukumatga nisbatan norozilik kuchayib borayapti”,- deya izohlaydi tahlilchi Abdusalom Ergashev.

“Agar Isroil BMT rezolyutsiyalarini bajarganida edi, bugun ikki davlat - Isroil va Falastin yonma-yon yashayotgan bo’lardi. Quddus shahriga esa neytrallik maqomi berilgan bo’lardi”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Insonparvarlik yordami yuklangan kemalar karvoni Turkiyadan G’azo sektoriga yetmasdan Isroil harbiylari hujumiga uchraganida Turkiyaning 9 fuqarosi halok bo’lgan. Turkiya Isroilni terrorizmda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG