Iroq Eronga sanksiyalarni chetlab o'tishda yordamlashayaptimi?

  • Amerika Ovozi

Suriya prezidenti Bashar al-Assad hayit namozida, al-Hamad masjidi, Damashq, 19-avgust, 2012-yil.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad hayit namozida, al-Hamad masjidi, Damashq, 19-avgust, 2012-yil.

SURIYA

Suriya prezidenti Bashar al-Assad hayit namozini Damashqdagi al-Hamad masjidida musulmonlar qatorida o’tkazgan. 18-iyul kuni poytaxtda mudofaa vaziri va yana uch rasmiy xurujda o’lganidan beri Assad jamoatchilik ko’ziga ko’rinmayotgan edi.

Imomning ma'ruza qilishicha, Suriya Qo'shma Shtatlar, G'arb va sunniy arablar fitnasining qurboniga aylangan. Assad shia mazhabiga mansub allaviylar oqimining vakilidir. Allaviylar ozchilik bo'lsa-da, Suriyani ko'pdan beri boshqarib keladi.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi faollar ma’lumotiga ko’ra, armiyaning isyonchilar bilan to’qnashuvi bugun ham kuzatilgan. Hayit munosabati bilan masjid va qabristonlarda to’plangan odamlar namoyish qilib, Assadni iste’foga chaqirgan, deydi bu faollar.

LIVIYA

Bugun Liviya poytaxti Tripolida ikki xuruj sodir etilib, ikki odam o’lgan. Rasmiylarning bildirishicha, bu marhum diktator Muammar Qaddafiyga sodiq odamlarning ishi.

Portlashlar ketma-ket yangragan. Har ikki holda bomba mashinaga o’rnatilgan bo’lgan. Biri harbiy akademiya, ikkinchisi esa Ichki ishlar vazirligi yonida portlagan. Yaralanganlar bor. Bomba o’rnatilgan uchinchi mashinaning bo’lgani ham aytilmoqda, biroq portlovchi modda zararsizlantirilgan.

Rasmiylar qo’shni davlatlarga qochgan sobiq rejim tarafdorlarini chetdan turib Liviyadagi vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilayotganlikda ayblamoqda. Mamlakatda yangi tuzum bilan hamkorlik qilishdan va qurollarini topshirishdan bosh tortayotgan ko’plab guruhlar bor.

IROQ/ERON

AQShning “Nyu-York Tayms” gazetasida bugun chiqqan maqolaga ko’ra, Iroq qo’shni Eronga bu davlat yadro dasturi munosabati bilan qo’yilgan xalqaro sanksiyalarni chetlab o’tishda yordamlashmoqda.

O’tgan oy AQSh prezidenti Barak Obama Bag’dod bankini Amerika moliya tizimidan uzishga ko’rsatma bergan edi. Oq uy bayonotida aytilishicha, Elaf islomiy banki millionlab dollar pulni Eron banklari nomidan o’tkazishda yordam bergan.

AQSh va G’arb Eronni yadro quroli ustida ishlayotganlikda ayblab, sanksiyalar yordamida dasturni moliya manbalaridan ayirmoqchi. Eron yadro yonilg’isidan tinch maqsadda foydalanayotganini da’vo qiladi.

“Nyu-York Tayms”da yozilishicha, Eron Iroqdagi vositachilar orqali bu mamlakatdagi to’rt bankka ta’sirini o’tkaza bilib, ular yordamida xalqaro moliya tizimi bilan aloqani ushlab turibdi.

Maqolaga ko’ra, Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiyga yaqin doiralar bu ishdan bevosita moliyaviy foyda ko’rmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG