J. Mitchell: Yahudiy qurilishlariga moratoriy uzaytirilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Muzokara payti

Muzokara payti

Isroil va Falastin rahbarlari Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarini jarayonga to'g'anoq bo'layotgan masalalar muhokamasidan boshlagan.

AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchellning aytishicha, Iordan daryosining g'arbiy sohilida yahudiy qurilishlariga qo'yilgan moratoriy uzaytirilishi mumkin. Bu Isroil-Falastin muzokaralarida muhim qadam. Muloqot kecha Misrda, bugun esa Quddusda o'tmoqda. AQSh unga vositachilik qilyapti.

Falastinliklar agar G'arbiy sohilda qurilishlar davom etsa, muzokaradan chiqamiz, degan edi. Chunki hududning bo'lajak Falastin davlatiga kirishi aytib kelinadi. Shu sabab tomonlar avvalambor muzokaraga to'g'anoq bo'layotgan masalalar muhokamasiga kirishgan. Qurilish 10 oy burun to'xtatilib, moratoriy muddati shu oy oxirida tugamoqda.

Jorj Mitchellning aytishicha, Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu qarorgohida ikki soat davom etgan uch tomonlama uchrashuvda bu masala gaplashilgan.

"Muzokaralarda Netanyaxu va Falastin prezidenti Mahmud Abbosning jiddiy va samimiy suhbatdosh ekani ko'rinib turibdi. Har ikkisining maqsadi mushtarak", - deydi Mitchell.

Muzokaralarda, shuningdek, Quddus shahri maqomi, kelajak Falastin davlati chegaralari va falastinlik qochqinlar taqdiri ham muhokama etilmoqda.

Keyingi muloqot kelasi hafta Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasi kunlarida o'tkaziladi.

Bugun AQSh vakili Mitchell Damashqda prezident Bashar al-Assad bilan uchrashib, Suriya-Isroil munosabatlarini yaxshilash haqida gaplashadi. So'ng Bayrutga o'tib, Livan prezidenti Mishel Sulaymon va Bosh vaziri Saad Xaririy bilan muloqot rejalangan.

Isroil-Falastin muloqotida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham ishtirok etgan. Bugun Ramallohda Mahmud Abbos, Ummonda esa Iordaniya qiroli Abdulla bilan uchrashib, Vashingtonga qaytishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG