Breaking News

Isroil va Falastin AQSh pozitsiyasidan norozi


Isroil va Falastin AQSh pozitsiyasidan norozi
Isroil va Falastin AQSh pozitsiyasidan norozi

Amerika Yaqin Sharq tinchligi jarayoni doirasida bo'lajak Falastin chegarasiga diqqatni qaratishni taklif qilmoqda. Isroil va Falastin norozi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga munosabati Isroil va Falastin tanqidiga uchragan. Klinton jarayondan tashvishda ekanini bildirgan.

Isroil Iordan daryosining g'arbiy sohilida qurilishlarga qo'yilgan 10 oylik moratoriyni sentabr oyida uzaytirishdan bosh tortishi natijasida falastinliklar qiyinchliklar bilan yo'lga qo'yilgan muzokaralardan chiqqan edi. Jarayonga vositachilik qilayotgan Qo'shma Shtatlar Isroilni qurilishlarni to'xtatishga ko'ndira olmagach, Klinton o'zga usullardan foydalanish kerak, deya muzokaralarning keyingi bosqichida bo'lajak Falastin davlati chegaralarini aniqlash kerak, deb chiqdi.

"Har ikki davlat yagona chegaraga kelishishi lozim", - deydi Klinton.

Isroilning millatchi siyosatchilaridan bo'lmish Tashqi ishlar vaziri Avidgor Liberman Klinton so'zlarini sovuqqonlik bilan qarshiladi.

"Agar kimdir chegaralar muammoni hal qiladi deb o'ylayotgan bo'lsa, xato qiladi. Isroil 2005-yilda G'azo Sektoridan qo'shinlarni butunlay chiqardi, ammo tinchlikka erishmadi, aksincha sektor boshqaruvini qo'lga olgan falastinliklar terror va ekstremizm urug'ini sochib, Isroilga raketalar yog'ila boshladi", - deydi Liberman.

Uning aytishicha, Isroil muzokaraga qaytishga tayyor, ammo hech bir shart-talablarsiz.

Falastinliklar ham Klinton pozitsiyasidan tashvishda. Ularning aytishicha, davlat kotibi muloqotning to'xtab qolganida har ikki tomonni birday ayblab, xato qilmoqda.

Falastin bosh muzokarachisi Soib Erekatning aytishicha, Isroil qurilishlarni tinchlikdan ustun qo'yib, muloqotning izdan chiqishiga asosiy sababchidir.

AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell bugun mintaqaga yo'l olmoqda. Har ikki tomonni murosa qilishga chorlashi kutilmoqda. Bugun Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashadi.

Netanyaxuning aytishicha, Isroil Quddus shahrining bo'linishiga qarshi. Ma'lumki, Falastin Sharqiy Quddusni bo'lajak davlatining poytaxti sifatida ko'radi. Ertaga esa Mitchell Ramallohda Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan muloqot qiladi. Bu AQSh maxsus elchisining mintaqaga so'nggi uch oyda ilk safari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG