Breaking News

Arab bahori qulatgan amaldorlar qudratini tiklamoqda


Tunisda sobiq prezident Zaynul Obidin bin Aliga aloqador shaxslarnng jazoga tortilmasligini ta’minlaydigan va ularning mavqeini tiklashga yo’l ochadigan qonun loyihasi muhokamada. Liviyada esa Tobrukdagi xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumat 2011-yilda hokimiyatdan ag’darilgan Muammar Qaddafiy yaqinlariga nisbatan amnistiya e’lon qildi.

Ushbu o’zgarishlar Arab bahori olib kelgan demokratik yutuqlar ortga chekinib, urush va terrorizm domiga tushgan mintaqaga yana avtoritar rejimlar qaytishi mumkinligi haqida xavotirlarni oshirmoqda. Tahlilchilar nazarida, bu o’zgarishlar ekstremizm tahdidi bilan bog’liq.

Xavfsizlikning bo’shligi va diniy ekstremizm xavfi eski tuzum tarafdorlariga yana maydonga chiqish imkoniyatini yaratmoqda. Masalan, Misrda Husni Muborak davrida armiya qo’mondoni bo'lgan Abdul Fattoh al-Sissi prezidentlikka ko’tarildi.

Arab o’lkalaridagi sobiq rejim bilan alqoador rasmiylar, biznesmenlar va siyosatchilar hayotini o’rgangan fransuz tadqiqotchisi Jan-Piyer Filiu bu toifalarning o’zlari yaratgan "islomiy ekstremizm muammosi" dan manfaat ko’rayotganini aytadi. “Ichki davlatdan islomiy davlatgacha: Arab aksilinqilobi va uning jihodiy merosi” deb nomlangan kitobida u sobiq rejimlar islomchi ekstremistlarga qarshi nafaqat kurashganini, balki ular bilan hamkorlik ham qilganini yozadi.

Masalan, deydi Filiu, Suriya Prezidenti Bashar al-Assad qo’zg’olon kuchaygan paytda islomiy jangarilarning bir qismiga amnistiya e’lon qildi va shu asosda ozodlikka chiqqanlardan biri “Al-Qoida”ga aloqador “Jabhat al-Nusra” guruhiga asos soldi.

Tadqiqotchiga ko’ra, Misrdagi islomiy guruhlar esa mamlakatda endi hamma narsani saylov hal qiladi, deb xato o’ylashdi.

Liviyada ham shu holat takrorlanishi mumkin. Mamlakatning xalqaro maydonda tan olingan parlamenti Qaddafiyga qarshi qo’zg’olon davrida yuz bergan jinoyatlar uchun amnistiya e’lon qildi. Tobrukdagi hukumat islomchi guruhlar bilan kurash olib bormoqda.

Tunisda terror xurujlari kuchaygan bir paytda hukumat korrupsiya va poraxo’rlik ayblovlari bilan yuzlashgan sobiq rejimga yaqin shaxslarni javobgarlikdan xalos qiluvchi qonunni qabul qilmoqda.

Agar bu qonun ovozdan o'tsa, eski guruhlar yana kuchayib, hukumatning xalqaro adolat tizimini o’rnatish bo’yica olib borayotgan siyosatiga putur yetadi, deydi qarshi tomonlar. O'g’irlangan xalq mulkini davlatga qaytarish uchun mas’ul komissiya a’zosi sudya Ahmad Saub qonunga e’tiroz bildirib iste’foga chiqqan. Uning aytishicha, qonun bin Alidan so’ng yo’lga qo’yilgan adolatni tiklash jarayoniga zid keladi.

Bin Ali davrida xavfsizlik vaziri bo’lgan va hozir mamlakatni boshqarayotgan Prezident Beji Said Essebsi qonunni yoqlayotgan liderdir.

Qonun tarafdorlarining aytishicha, mamlakat yuz tutayotgan yangi iqtisodiy va xavfsizlik muammolarini bir yoqli qilish uchun bu chora zarur. Qonun, agar qabul qilinsa, Tunisning ayrim qudratli tadbirkorlariga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilib, iqtisodiyotning o’sishiga hissa qo’shadi, deydi ular.

Jahon banki ma’lumotiga ko’ra, sobiq diktator bin Alining oila a’zolari, yaqinlari va hamkorlari davlatdan 3 milliard dollarga yaqin boylikni o’zlashtirgan.

Tunis prezidentining favqulodda holat rejimini yana ikki oyga uzaytirgani eski rejim odatlarining qaytayotgani haqida ham xavotirlarni oshirgan. Iyun oyida, asosan, xorijlik sayyohlardan iborat 28 kishi otib o’ldirilgandan beri mamlakatda favqulodda holat hukm surmoqda.

Hukumatga ko’ra, yangi tartib terror guruhlarini yo’q qilishda qo’l kelmoqda. Ammo “Human Rights Watch” tashkiloti fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari toptalayotgani haqida shikoyat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG