Iroq va Suriyadagi etnik-diniy ziddiyatlar tinchlik yo'lida g'ov

  • Amerika Ovozi

Druzlar, shia mazhabiga yaqin etnik va diniy oqim, Suriya va Iroqda azaldan bosim ostida yashaydi

Druzlar, shia mazhabiga yaqin etnik va diniy oqim, Suriya va Iroqda azaldan bosim ostida yashaydi

Iroq va Suriyada etnik ziddiyatlar "Islomiy davlat" terror guruhiga qarshi kurashda katta g'ov. Iroq armiyasi qabilaviy jangarilarning yordamiga muhtoj, deydi rasmiylar. Turli elatlar bir tomondan terroristlarni o'z hududidan siqib chiqarishga harakat qilsa, boshqa tomondan ular o'zaro to'qnashib keladi. Aholi esa uy-joyini tashlab, uzoqlarda jon saqlashga majbur. Gumanitar vaziyat nihoyatda og'irlashgan.

Kurd jangchilar Suriyada "Islomiy davlat"ga qarshi harakatlarga tayyorlanar ekan, yuzlab fuqarolar Turkiyaga qochmoqda, lekin chegaradan o'ta olmayapti. Ketayotganlarning aksariyati arablar. Ular kurdlar yerimizni bosib olmoqda, deya noliydi. Amerika kurd jangchilarni harbiy jihatdan qo'llar ekan, arab aholi AQShdan norozi. Ular "Islomiy davlat" ishlaridan g'azabda, biroq bu kuchga qarshi kurashayotgan kurdlar ham johil, deydi arablar.

"Vaziyat bizga ma'lum",- deydi AQSh Davlat departamentidan Jeff Ratke. "Odamlar jangchilardan shikoyat qiladi, mahalliy kelishmovchiliklar tarixi uzun".

Druzlar qadim tarixga ega etnik va diniy oqim. Suriyadagi o'choqlaridan ayrilgani haqida bong urib, xalqaro hamjamiyatdan madad so'ramoqda. Al-Nusra fronti, ekstremist jangarilar, yaqinda 20 nafar druzni qatl etgan. Bu elat doimo bosim ostida yashagan, hozir esa qonxo'rlarga yem bo'lmoqda, deydi kuzatuvchilar.

"Bizga kun yo'q bu yerda. Bu yerdagi va Livandagi druzlar qayga borishni bilmaymuz",- deydi mahalliy yetakchilardan biri, shayx Muvaffaq Tarif.

Mahalliy qurollangan guruhlar bir paytning o'zida "Islomiy davlat", al-Nusra fronti va hukumatlarga qarshi jang olib bormoqda. Suriya rahbari Bashar al-Assad alaviylardan va druzlar orasida nufuzi baland. Assadga qarshi tomonlar, tabiiyki, druzlarni shu sabab ham nishonga olmoqda.

Suriya hukumati Turkiyani terroristlarni zimdan qurollantirayotganlikda ayblamoqda. Turkiya esa Assad rahbariyatini o'z xalqini qirayotganlikda ayblab qoralaydi.

"Turkiya xavfsizlik xizmati va armiyasi vahshiy kuchlarni quvvatlayotgani bizga ma'lum",- deydi Faysal Mekdad, Suriya Tashqi ishlar vaziri muovini.

Mekdad deydiki, Anqara kurdlarni qirishga bel bog'lagan tomonlarni moylashdan manfaatdor. Turk diplomatlari bu yolg'on deydi.

"Islomiy davlat"ga qarshi vujudga kelgan xalqaro koalitsiya bu murakkab vaziyatni o'zgartira oladimi, jumboqlarni yecha oladimi? Obama ma'muriyati "harakat qilayapmiz" deyish bilan cheklanmoqda xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG