Iroqda siyosiy ziddiyatlar; BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya hukumatini qoraladi

  • Amerika Ovozi

Qohiraning Tahrir maydoni, Misr, 19-dekabr, 2011-yil

Qohiraning Tahrir maydoni, Misr, 19-dekabr, 2011-yil

IROQ

Iroqda shialar yetakchiligidagi hukumat sunniy mazhabdagi vitse-prezident Tariq al-Hoshimiyni hibsga olishga buyruq berdi. AQSh qo'shinlari mamlakatni tark etgan bir paytda bu hol Iroqda siyosiy inqirozni kuchaytirishi mumkinligi aytilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Odil Daxamning aytishicha, Hoshimiyga terrorchilik aybi qo'yilmoqda.

Ma'lum bo'lishicha, qo'riqchilaridan uch nafari ko'rsatma berib, vitse-prezident buyrug'iga ko'ra hukumat a'zolarini nishonga olish uchun bombalar o'rnatganiga iqror bo'lgan. Hoshimiyga yaqin rasmiy ularning vitse-prezident qo'riqchisi ekanini tasdiqlagan holda terrorizm haqidagi ayblov asossiz ekanini aytadi.

Obama ma'muriyati xavotir bildirib, Iroq rasmiylarini muammoni tinch yo'l bilan, muloqot orqali hal etishga chaqirgan.

Sal avval esa Iroq Bosh vaziri Nuri al-Malikiy - u ham shia - yana bir sunniy arbob, o'z o'rinbosari Solih al-Mutlaqqa nisbatan parlamentda ishonch votumi bo'yicha ovoz berishga chaqirgan. Mutlaq Malikiyni diktator deb atab, Qo'shma Shtatlarni Iroq bobidagi siyosatini qayta ko'rib chiqishga da'vat etmoqda.

MISR

Misr poytaxti Qohiraning Tahrir maydonida xavfsizlik kuchlari besh kundan beri namoyishchilar bilan to'qnashmoqda.

Yil boshida sobiq prezident Husni Muborakka qarshi chiqishlar markazi bo'lgan bu joyni askarlar mamlakatni vaqtincha boshqarayotgan harbiy kengashga ham qarshi namoyish qilayotgan ommadan tozalashga harakat qilmoqda. Xaloyiq xavfsizlik kuchlariga tosh otgan. Ular esa qurol bilan javob berib, jumadan beri kamida 12 odam o'lgan, 500 dan ziyodi jarohat olgan.

Harbiy kengash vakillari namoyishchilarni bezori deb, ularning Muborakka qarshi bosh ko'targan odamlarga hech qanday aloqasi yo'q, deydi. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Misrdagi vaziyatdan xavotir bildirdi.

SURIYA

Suriya davlat matbuoti xabariga ko'ra, prezident Bashar al-Assad yangi qonun joriy etib, terrorchilarga qurol tarqatgan odamlar qatl etiladi, deya ogohlantirgan.

G'arb va xorijdagi suriyalik huquq faollari nazarida hukumat to'qqiz oydan beri prezidentga qarshi namoyish qilayotgan ommani ta'qib qilmoqda. Assad ta'biricha esa zo'ravonliklar va tartibsizliklarni qurollangan terror to'dalari amalga oshirmoqda va hukumat ularga qarshi kurashmoqda.

Vaziyatni nazorat etish uchun kecha Arab Ligasi kuzatuvchilariga mamlakatga kirish ruxsat etilgan. Shunga qaramay, deydi faollar, zulm to'xtamayapti. Bitim kecha Qohirada imzolanib, kuzatuvchilarga bir oy muhlat beradi. Liga Bosh kotibi Nabil al-Arabiyning aytishicha, ular Suriyaga bir necha kun ichida boradi.

Kecha Turkiya chegarasini qo'riqlayotgan zobitlar armiyadan qochishga uringan, xavfsizlik kuchlari 70 nafarini otib o'ldirgan. Yana 30 dezertir esa boshqa hududlarda o'ldirilgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiya taklif etgan rezolyutsiya loyihasini ma'qullab, zo'ravonliklarni qoralagan. BMT hisobicha, mamlakatda to'qqiz oyda 5000 odam o'lgan.

LIVIYA

Rossiya NATOni Liviyani bombardimon qilish paytida nobud bo'lgan tinch aholi o'limini tergov qilishga chaqirmoqda.

Yil boshida Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddafiy isyonchilarga qarshi kuch ishlatishni boshlaganida BMT Xavfsizlik Kengashi NATOga Qaddafiy armiyasini havodan nishonga olishga ruxsat bergan edi.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin alyansni buni tergov qilishga chaqirib keladi. Payshanba kuni Xavfsizlik Kengashida Liviya masalasi ko'riladi. Churkin mavzuni ko'tarmoqchi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning o'tgan hafta aytishicha, NATO missiyani uddalab, vakolati doirasidan chetga chiqmagan, ya'ni inson huquqlari poymol etilmagan, tinch aholi orasida talofat katta bo'lmagan. Biroq Rossiya, Xitoy va yana bir necha davlat o'zgacha fikrda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG