Yaqin Sharqda nima gap? 16-oktabr tafsilotlari

  • Amerika Ovozi

Yamanda prezident Ali Abdulla Solihga qarshi namoyishlar, Sano shahri, 16-oktabr, 2011-yil

Yamanda prezident Ali Abdulla Solihga qarshi namoyishlar, Sano shahri, 16-oktabr, 2011-yil

ISROIL

Isroil 2006-yilda XAMAS tomonidan qo'lga olingan askarining ozodligi evaziga birinchi bosqichda 477 falastinlik mahbusni qamoqdan chiqarmoqchi. Ularning nomlari chop etilgan.

Isroillik Gilad Shalit G'azo Sektoridagi reyd paytida qo'lga olingan edi. O'shandan beri rasmiy Quddus uni ozod etishga urinib keladi.

Prezident Shimon Peres yuzlab falastinlik mahbuslarning ishlarini ko'rib chiqib, hozircha 477 kishini chiqarishga qaror qilgan.

Ikki tomonlama kelishuvga ko'ra, Gilad Shalit 1027 falastinlik mahbusga almashiladi. Yahudiy zobiti avval Misrga topshiriladi, undan nari esa Isroilga.

ERON

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchisiga qarshi fitnada rasmiy Tehronning qo'li bor degan AQSh da'volarini inkor etmoqda. Eronliklar madaniyatli xalq, qotilikka qo'l urmaydi, deydi Ahmadinejod.

Eron Oliy diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xomeneiy ham Amerika ayblovlarini asossiz deb, bu ishni Eronni yakkalatish uchun qilganini aytadi.

Qo'shma Shtatlar nazarida ikki eronlik Saudiya elchisi Odil al-Jubayrni o'ldirishni rejalagan. Juma kuni AQSh rasmiylari Eron vakillari bilan bevosita muloqot qilib, Eronning qilmishi Amerika va xalqaro qonunlarga zid ekanini yetkazgan.

SURIYA

Suriyalik faollar ma'lumotiga ko'ra, xavfsizlik kuchlari poytaxt Damashq yaqinida dafn marosimida ishtirok etayotgan odamlarni o'qqa tutib, ayrimlarini hibsga olgan. Marosimda 7000 ga yaqin odam ishtirok etgani ma'lum. Ular 42 yoshli faol Ziyod al-Obaydinni dafn etish uchun to'plangan edi. Al-Obaydin xavfsizlik kuchlaridan ikki oycha yashirinib, kecha reyd paytida otib o'ldirilgan edi.

Damashqdan 50 kilometr narida ham askarlar uyma-uy yurib, shanba kuni 25 kishini hibsga olgan, bugun esa 19 kishi qo'lga olingan. Arab Ligasi Qohirada favqulodda majlis o'tkazib, Suriyadagi ahvolni muhokama qilmoqda.

YAMAN

Yamanda hukumat kuchlari poytaxt Sanoda to'plangan namoyishchilarni o'qqa tutib, kamida ikkisini o'ldirgan. O'n minglab odamlar prezident Ali Abdulla Solihning iste'fosini talab qilishda davom etmoqda.

Kecha ham shaharda namoyishchilarga qarshi kuch ishlatilib, 18 kishi o'lgan edi. Hukumat kuchlari muxolifatga o'tgan qabilalar tarafdorlari va askarlar bilan ham olishmoqda.

Axborot vazirining o'rinbosari Abdu Janadi muxolifatni namoyishchilardan jonli qalqon sifatida foydalanayotganlikda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG