Breaking News

Yaqin Sharqda nima gap? 2-noyabr tafsilotlari


Liviya muvaqqat bosh vaziri Abdurahim al-Kayb
Liviya muvaqqat bosh vaziri Abdurahim al-Kayb

ISROIL-FALASTIN

YUNESKO Falastinga to'liq a'zolikni berganidan bir kun o'tib, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Sharqiy Quddus va G'arbiy Sohilda 2000 ta yangi uy qurishga buyruq bergan. Falastin bilan kelajakda erishilgan tinchlik bitimidan qat'iy nazar yangi qurilgan mahallalar Isroil hududida qoladi, deydi Netanyaxu.

Falastin Sharqiy Quddus va Iordan daryosining g'arbiy sohilini Isroil bosib olgan, deb ularni bo'lajak davlati hududining ajralmas qismi deb biladi. Ammo Falastin BMTdan to'liq a'zolikni so'ragach, kuni kecha esa YUNESKO unga shunday maqomni bergach, g'azabga tushgan AQSh va Isroil javob choralarini ko'rmoqda.

Tashkilotning eng yirik homiysi Qo'shma Shtatlar bir necha million dollarlik oylik to'lovini to'xtatgan. Isroil ham Falastinga pul o'tkazishni bas qilgan.

Falastin prezidenti vakilining aytishicha, qo'shimcha yahudiy posyolkalarini qurish rejasi tinchlik jarayoniga tahdiddir. Falastin BMTning boshqa 16 agentligiga ham murojaat qilib, har birida to'liq a'zolikni qo'lga kiritmoqchi.

LIVIYA

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun kutilmaganda bugun Liviya poytaxti Tripoliga borgan. Muvaqqat kengash rahbarlari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashmoqda. Kengash dushanba kuni Abdurahim al-Kaybni vaqtinchalik bosh vazir etib tayinlagan.

Arbob AQShda muhandislikdan ta'lim olgan. Muvaqqat hukumat tuzishga kirishar ekan, inson huquqlariga alohida e'tibor qaratamiz, deydi. Hukumat saylovlarga tayyorgarlik bilan shug'ullanadi.

BMT bosh kotibi Liviyadan so'ng Fransiyaga yo'l oladi. Ertaga Kann shahrida Katta Yigirmalikka a'zo davlatlar rahbarlari uchrashadi.

SAUDIYA ARABISTONI

Saudiya Arabistoni qirolligining valiahdi shahzoda Nayef bin Abdulaziz haj paytida xavfsizlikni ta'minlash uchun barcha choralarni ko'ramiz, demoqda.

"Haj tinch o'tishiga ishonamiz, ammo uni izdan chiqarmoqchi bo'lganlarga qarshi qat'iy kurashamiz", - deydi u.

Juma kuni boshlanadigan hajni ado etish uchun Saudiya Arabistoniga turli davlatlardan bir yarim milliondan oshiq musulmon to'plangan.

SURIYA

Bugun Suriyaning Hims viloyatida fabrikada to'qqiz ishchi otib o'ldirilgan. Voqea sabablari aniqlanmoqda. Arab Ligasi esa Suriya hukumatiga qo'ygan shartlarini e'lon qilmoqchi.

Mintaqa davlatlari prezident Bashar al-Assadni namoyishchilarni uyma-uy ta'qib qilayotgan xavfsizlik kuchlarini ko'chalardan chiqarishga, aholiga qarshi zulmni to'xtatishga hamda Qohirada muxolifat bilan muloqot boshlashga chaqirgan. Suriya tashqi ishlar vaziri shartlarning ayrimlarini qabul qilgani ma'lum.

YAMAN

Bugun Yamanda hukumat kuchlari prezident Ali Abdulla Solihga qarshi harakat qilayotgan qabilalar bilan to'qnashib, kamida besh kishi o'lgan. Voqea Taiz shahrida ro'y bergan. Poytaxt Sanoda ham otishmalar kuzatilgan, uch odam nobud bo'lgan.

Yevropa Ittifoqi vakili Mishel Dursoning aytishicha, Solih Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi rejasini qabul qilishga rozi. Unda xavfsizlik kafolatlari evaziga prezidentga vakolatlarini 30 kun ichida o'rinbosariga topshirish taklif etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG