Yaqin Sharq bir kun ichida. 22-noyabr tafsilotlari

  • Amerika Ovozi

Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddafiyning o'g'li Sayful Islom qo'lga olingandan so'ng. Zintan shahri, 22-noyabr, 2011-yil.

Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddafiyning o'g'li Sayful Islom qo'lga olingandan so'ng. Zintan shahri, 22-noyabr, 2011-yil.

LIVIYA

Liviyaning muvaqqat bosh vaziri Abdurahim al-Kayb mahkamasi tarkibini e'lon qilishi kutilmoqda. Vazirlar kelasi yili saylovlar o'tguncha ishlab turadi. Layoqatli, mamlakatning turli burchaklaridan chiqqan arboblarni tanladim, deydi u. Bosh vazir kecha mamlakatga tashrif buyurgan AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays bilan uchrashdi.

Liviyaning muvaqqat hukumati sobiq rahbar Muammar Qaddafiyning o'g'li Sayful Islom va razvedkaning sobiq boshlig'i Abdulla al-Senusiy taqdiri ustida bosh qotirmoqda. Biri shanba kuni, ikkinchisi esa yakshanba kuni qo'lga olingan. Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud ularni unga topshirishni so'ramoqda, ammo hukumat mahbuslarni Liviyaning o'zida sud qilmoqchi.

Xalqaro sud bosh prokurori Luis Moreno-Okampo bugun Tripolida. Hukumat bilan Qaddafiy va Senusiy xususida gaplashgan. Uning aytishicha, Liviya sud qoidalariga rioya qilishga ko'nsa, Qaddafiy va Senusiy Liviyaning o'zida sud qilinishi mumkin. Ular insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.

ERON

Rossiya AQSh, Kanada va Britaniyaning Eronga e'lon qilgan yangi sanksiyalarini qoralamoqda. Kecha bu uch davlat Eron Markaziy banki hamda kimyo va neft sanoati bilan hamkorlikka cheklov qo'ygan. G'arb Eron yadro quroli ustida ishlayapti, degan xavotirda. Qo'shma Shtatlar mamlakatlarni kimyo va neft mahsulotlarini boshqa joydan sotib olishga chaqirmoqda.

Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ramin Mehmonparastning aytishicha, uch davlat e'lon qilgan bir tomonlama choralar Eronga qarshi tashviqot va psixologik urushga tengdir. AQSh va Britaniya bilan iqtisodiy va savdo aloqalari deyarli yo'q, shu sabab sanksiyalar Eronga ta'sir qilmaydi, deydi rasmiy.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi nazarida sanksiyalar xalqaro qonunga ziddir.

SURIYA

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Suriya prezidenti Bashar al-Assadni yana bir bor iste'foga chaqirgan. Uning aytishicha, Suriyada yana ko'p qon to'kilmasidan oldin Assad o'z xalqi va mintaqa manfaatini o'ylab ketishi kerak. Turkiya tinch aholiga qarshi zulmni qoralamoqda.

So'nggi payt o'tmishda yaqin hamkorlar bo'lgan ikki davlat munosabatlari sovuqlashgan. Ustiga-ustak, kecha Suriya shimolida hajdan qaytayotgan turk fuqarolari hujumga uchragan.

Suriyaning BMTdagi elchisi Bosh Assambleya qoshidagi inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi qo'mita tayyorlagan rezolyutsiya loyihasini tanqid qilgan. Unda Suriyada namoyishchilarga qarshi zulm qoralangan. Elchi Bashar Jafariyning aytishicha, Germaniya, Britaniya va Fransiya homiyligida ishlangan hujjat zaminida Suriyaga qarshi siyosiy va diplomatik urushni ko'rsa bo'ladi.

Loyihani 60 mamlakat, jumladan Bahrayn, Iordaniya, Marokash, Qatar va Saudiya Arabistoni kabi arab davlatlari hamda Turkiya qo'llab-quvvatlamoqda. Bugun hujjat ovozga qo'yiladi.

Bu o'rtada mamlakatda zo'ravonliklar tinmayapti. Xavfsizlik kuchlari Hims shahrida to'rt kishini o'ldirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG