Bag'dodda qonli portlash, Yamanda yangi bosh vazir, Suriyada tinimsiz namoyishlar

  • Amerika Ovozi

Yaman vitse-prezidenti Abdurab Mansur Hadi

Yaman vitse-prezidenti Abdurab Mansur Hadi

IROQ

Iroq rasmiylarining aytishicha, bugun poytaxt Bag'dod yaqinidagi Toji shahrida bir odam o'zini qamoqxonaga kiraverishda portlatib, kamida 19 kishini o'ldirgan, 22 odam jarohat olgan. Bu so'nggi bir haftada uchinchi xurujdir. Shanba kuni portlash va otishmalarda 15 kishi o'lgan edi, payshanba kuni esa janubdagi Basrada uch portlashdan 19 kishi nobud bo'lgan.

Iroqda 2006-2007 yillarga qaraganda zo'ravonlik ancha pasaygan. Biroq AQSh qo'shinlari yil oxirigacha mamlakatdan chiqishga kirishar ekan, jangarilar qayta faollashmoqda. Oktabr oyida 258 odam xurujlar qurboni bo'lgan.

SURIYA

Arab Ligasi zo'ravonliklarni bas qilmayotgan Suriya hukumatini sanksiya bilan jazolashga qaror qilganidan so'ng, Yevropa Ittifoqi ham payshanba kuni qo'shimcha jazo choralariga ovoz bermoqchi. Savdo va iqtisodiy aloqalar cheklanishi aytilmoqda. Bungacha AQSh va Yevropa Ittifoqi prezident Bashar al-Assad hukumatiga bir qator sanksiyalar qo'ygan.

Bugun Suriya bo'ylab o'n minglab odamlar Arab Ligasi qaroriga norozilik bildirib, namoyish qilgan. Tashkilotga a'zo arab davlatlari Suriya Markaziy banki bilan hisob operatsiyalarini to'xtatib, rasmiylarini o'z hududiga kirishini taqiqlab, loyihalar uchun sarmoyalarni to'xtatgan.

Rasmiy Damashq arab davlatlarini xiyonatda va unga qarshi xorijiy fitnani ko'rmayotganlikda ayblamoqda.

YAMAN

Yamanda prezident Ali Abdulla Solih lavozimidan kechgach, vitse-prezident Abdulrab Mansur al-Xadi muxolifat yetakchisi Muhammad Basindvani yangi bosh vazir etib tayinladi. Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi rejasiga ko'ra, Basindva endi barcha siyosiy kuchlarini o'z ichiga olgan hukumat tuzishi kerak bo'ladi, Solih esa 21-fevralga belgilangan saylovlargacha faxriy prezident bo'lib turadi.

Bugun davlat rahbari so'nggi 10 oy davomida uning rejimiga qarshi namoyish qilib, hibsga olingan barchaga amnistiya e'lon qilgan. Jinoyatga qo'l urganlar va 3-iyun kuni prezident saroyiga hujum qilganlar bundan mustasno. O'shanda Solih yaralanib, davolanish uchun Saudiya Arabistoniga borgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG