Breaking News

Eronda Britaniya elchixonasi ishg'ol qilindi. Suriyada 22 odam qatl etildi


Britaniyaning Tehrondagi elchixonasiga hujum, 29-noyabr, 2011-yil, Eron
Britaniyaning Tehrondagi elchixonasiga hujum, 29-noyabr, 2011-yil, Eron

ERON

Eron poytaxti Tehronda Britaniyaning bu mamlakatga qo'ygan qo'shimcha sanksiyalaridan norozi omma Britaniya elchixonasiga bostirib kirgan. Tosh otib, oynalarni sindirib, britan bayrog'ining o'rniga Eronnikini qadagan. Guvohlarga ko'ra, elchixonada saqlanayotgan hujjatlar har tomonga sochilgan, Qirolicha Yelizavetaning portreti yo'qolgan. Tashqarida esa eronliklar "Britaniyaga o'lim" deya xitob qilgan.

Omma Tehron shimolida Britaniyaga qarashli yana bir diplomatik idorani ham o'rab olgan. Politsiya undagi olti xodimni olib chiqishga muvaffaq bo'ldi. Britaniya, AQSh va Fransiya elchixonaga hujumni qoralagan.

O'tgan hafta Britaniya Eronning barcha banklari, jumladan Markaziy banki bilan barcha hisob opertasiyalarini to'xtatgan. AQSh va Kanada ham o'xshash sanksiya qo'llagan. G'arb Eron atom quroli ustida ishlamoqda, deya uning iqtisodiy imkoniyatlarini cheklamoqchi.

Kecha Eronda Konstitutsiya muhofazasi kengashi deb nomlanuvchi oliy organ parlamentning Britaniya bilan iqtisodiy va diplomatik aloqalarni cheklash haqidagi qonunini tasdiqlagan. Unga ko'ra, britan elchisi mamlakatdan ikki hafta ichida chiqarilib, uning vakolatlari vaqtincha o'rinbosariga topshiriladi.

MISR

Bugun Misrda parlamentning quyi palatasiga saylovlarning ikkinchi kuni. Kuzatuvchilik bilan shug'ullanayotgan sud vakillarining aytishicha, jarayonga qiziqish katta, saylovlar tinch o'tmoqda.

Musulmon Birodarlar harakati asos solgan Ozodlik va adolat patiyasi eng ko'p ovoz olishi aytilmoqda. Saylov olti haftaga cho'zilib, yakuniy natijalar yanvarda e'lon qilinadi.

Aksariyat saylovchilar jarayonda ilk bor qatnashayotganini tan olmoqda. Bu galgi saylov oldingilaridan farq qiladi, degan umid bor.

Birinchi bosiqchda poytaxt Qohira va Iskandariya shaharlari va yetti viloyat ishtirok etadi. Yanvardan so'ng mart oyigacha yuqori palataga vakillar saylanadi. Shundan so'ng qonunchilar birgalikda yangi konstitutsiyani yozishga kirishadi.

SURIYA

Xalqaro bosimga qaramay Suriya faollarining aytishicha, mamlakatda namoyishchilarga qarshi zulm kuchaymoqda. Bugun poytaxt Damashq chetida 600 kishi hibsga olinib, 22 odam ochiq tarzda qatl etilgan. Rayon yakshanbadan beri qurshovga olingan. Operatsiyaga tanklar ham jalb etilgan.

Qo'shma Shtatlar va Germaniya BMT Xavfsizlik Kengashini Suriya hukumatiga qarshi jazo choralarini ko'rishga chaqirmoqda. BMT tergovchilariga ko'ra, zo'ravonliklar ortida prezident Bashar al-Assadga yaqin rasmiylar turibdi.

Maxsus tuzilgan komissiya xulosasiga ko'ra, askarlarga faollarni surishtirmay hibsga olish, o'g'irlash, sudsiz qatl etish, qiynoqqa solish buyurilgan. Komissiya jinsiy zo'ravonlik va bolalarga nisbatan zulm hollarini ham qayd etgan. 256 bola xavfsizlik kuchlari qo'lidan o'lgani aytilmoqda. Ayrimlari qiynoqqa solingan. Komissiya xulosalarini endi BMT Inson huquqlari kengashi va Bosh Assambleyaga taqdim etadi.

Turkiya jazo chorasi sifatida Suriya bilan savdo yo'llarini yopishini aytmoqda. 2009-yilda ikki davlat o'rtasida viza tartibi bekor qilingan edi. U ham o'zgarishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG