Yaqin Sharqda nima gap? 26-dekabr tafsilotlari

  • Amerika Ovozi

Yaqin Sharqda nima gap? 26-dekabr tafsilotlari

Yaqin Sharqda nima gap? 26-dekabr tafsilotlari

SURIYA

Suriyalik inson huquqlari faollarining aytishicha, bugun Hims shahrida xavfsizlik kuchlari kamida 13 odamni o'ldirgan. Ertaga shaharga Arab Ligasi kuzatuvchilarining tashrifi kutilmoqda. 50 ka yaqini Suriyada inson huquqlari bilan bog'liq ahvolni tekshiradi.

Fransiya va Suriya muxolifati ertagacha kutmasdan kuzatuvchilarni zudlik bilan Himsga borishga da'vat etmoqda. Rasmiy Damashq liga bosimi ostida kuzatuvchilarni mamlakatga qo'yishga rozi bo'lgan.

BMT hisobicha, to'qqiz oydan beri davom etayotgan zo'ravonliklar natijasida mamlakat bo'ylab kamida 5000 odam o'lgan. Faollar prezident Bashar al-Assadning 11 yillik hukmronligiga qarshi kurashmoqda. Assad ta'biricha, u qurollangan terrorchilar bilan olishmoqda. Xavfsizlik kuchlari safida 2000 odam nobud bo'ldi, deydi u.

ERON

Qo'shma Shtatlar Eronni al-Qoida moliyachisini yashirayotganlikda ayblar ekan, rasmiy Tehron buni inkor etmoqda. O'tgan hafta AQSh hukumati asli suriyalik Yasin al-Suriyni hibsga olishga yordam beruvchi ma'lumot uchun 10 million dollar va'da qilgan. Suriy pul va yangi yollangan jangarilarni Eron orqali Afg'oniston va Pokistonga yo'llashga aloqadorlikda gumon qilinadi.

AQSh nazarida u Eron va al-Qoida o'rtasidagi kelishuvga ko'ra, 2005-yildan beri Erondan turib ish qiladi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ramin Mehmonparast ayblovlarni inkor etmoqda. O'tgan hafta Nyu-York sudi Eron hukumatini 2001-yil 11-sentabr xurujlarini rejalashda al-Qoidaga yordam berganlikda aybdor deb topgan.

Mehmonparast Qo'shma Shtatlarni Eronni al-Qoidaga bog'lashga harakat qilib, unga qarshi urush uchun bahona izlayotganlikda ayblamoqda.

IROQ

Iroq rasmiylarining ma'lum qilishicha, bugun poytaxt Bag'dodda Ichki ishlar vazirligi yonida bir odam o'zini portlatib, kamida olti kishini o'ldirgan. AQSh qo'shinlari mamlakatni tark etganidan beri zo'ravonliklar kuchaymoqda. Payshanba kungi xurujlarda 70 odam o'lib, salkam 200 nafari jarohat olgan.

LIVIYA

Liviya hukumati sobiq rahbar Muammar Qaddafiyga qarshi kurashgan minglab isyonchilarni normal hayotga qaytarish dasturini ishlab chiqqan. Unga ko'ra, aksariyati armiya va politsiyaga ishga olinadi. Chegara muhofazasiga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Hozirda isyonchilar ko'plab qurollangan guruhlar safida xizmat qilmoqda.

Liviya Mudofaa vaziri polkovnik Osama Juvayliyning aytishicha, neft zaxiralari va zavodlarini qo'riqlash ham ularga topshriladi. Isyonchilarni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazish bobida boshqa davlatlardan madad so'ralgan. Hozirda bu borada muzokaralar ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG