Breaking News

Internetdagi ommabop saytlar siyosiy qurolga aylangan


Misr va Tunisdagi voqealar bunga yaqqol misol. Internetda ommabop Google, Facebook va Twitter siyosiy jarayonlarda muhim rol o'ynamoqda.
Misr va Tunisdagi voqealar bunga yaqqol misol. Internetda ommabop Google, Facebook va Twitter siyosiy jarayonlarda muhim rol o'ynamoqda.

Internetda ommabop qidiruv tizimi Google, odamlarni bir-biri bilan bog'lovchi Facebook va Twitter kabi sahifalar jahon bo'ylab siyosiy jarayonlarda muhim rol o'ynab, jiddiy qurolga aylanmoqda.

Misr va Tunisdagi voqealar bunga yaqqol misol. Google kompaniyasi Xitoy hukumatini so'z erkinligini cheklayotganlikda ayblab, bu mamlakatda o'z idorasini yopishga qaror qildi.

Oy boshida Google rahbarlaridan biri Voil G'onimni Misr xavfsizlik kuchlari 12 kun ushlab turishdi. Ozod etilib, Qohiraning "Tahrir" maydoniga chiqqanida namoyishchilar uni qahramondek kutib oldi.

G'onim Google kompaniyasining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo'yicha marketing ishlariga bosh-qosh. Misrdagi namoyishlarni uyushtirgan faollarga Facebook da bir sahifa ochishga yordam bergan. Unga minglab odamlar a'zo bo'lib, sahifa orqali odamlarni namoyishga chiqarish osonlashdi.

Markus Messner Virjiniya universitetida jurnalistikadan dars beradi. Uning aytishicha, internet kompaniyalar jahon siyosatida tobora katta rol o'ynamoqda.

"Umumlashtirib bo'lmaydi, albatta. Har bir kompaniyaning o'z o'rni, o'z ta'siri bor. Facebook hali unchalik faollashgani yo'q. Google va Twitter ning esa aksincha Misrdagi namoyishlarda roli katta bo'ldi", - deydi Messner.

Mutaxassisning aytishicha, 2009-yilda Eronda odamlar namoyishga chiqqanida Twitter dan foydalanishda uzilish bo'lmasligi uchun kompaniya tarmoqdagi barcha profilaktik ishlarni qoldirgan edi. Misrda esa hukumat internetni o'chirib qo'yganida Google va Twitter faollarga muqobil yo'l topishda yordam berdi.

Ayni damda Facebook ka yarim milliard odam a'zo. Twitter ham ommaviylashib, a'zolari soni yiliga 200 foizga ko'paymoqda. Qidiruv tizimlaridan foydalanganda Google ni ochmasdan iloj yo'q. YouTube ham ilg'or videoresursga aylangan.

"Bu juda yirik va boy kompaniyalar. Kelajakda global siyosatda ham faol ishtirok etsa ajabmas", - deydi Messner.

Jeffri Karr Forbs jurnaliga kiberxavfsizlik haqida maqolalar yozadi. Uning aytishicha, Google rahbariyati o'z xizmatchilariga keng sharoitlar yaratib bermoqda.

"Google o'z xodimlarini yaqindan qo'llab-quvvatlaydi. Kompaniyadan tashqarida, mustaqil loyihalar ustida ishlash uchun ularga haftalik ish vaqtidan 20 foiz ajratadi", - deydi Karr.

Uning aytishicha, Misrdagi namoyishlarning muvaffaqiyati Google kompaniyasi xizmatchilarining mustaqil faoliyati bilan bog'liq.

"Siyosiy faollik bilan kompaniyaning o'zi emas, balki xodimlari shug'ullanishi kerak", - deydi Karr.

Har holda, deydi tahlilchilar, kompaniyalarning asosiy vazifasi - biznes.

Jillian York Garvard universiteti qoshidagi Internet va jamiyat markazida mutaxassis bo'lib ishlaydi. Uning aytishicha, internet kompaniyalar yaratilganda siyosiy faollik bilan shug'ullanishni maqsad qilmagan.

"Har bir kompaniya u yoki bu masala bo'yicha pozitsiyasini ertami-kech bildirishi kerak. Masalan, Google o'tgan yili Xitoyda biznesni yopib va yaqinda internet erkinligi borasida anjuman o'tkazib, pozitsiyasini yaqqol namoyish etdi", - deydi York.

Google Voil G'onim kabi mutaxassislarini Misrda internet to'silgan paytda namoyishchilarni jahon tarmog'iga ulash maqsadida telefonni raqib Twitter kompaniyasi sahifasiga bog'laydigan tizimni yaratgani uchun ishdan haydamagani, deydi tahlilchilar, Google ning moliyaviy daromaddan ko'ra so'z erkinligi haqida ko'proq qayg'urayotganidan dalolatdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG