Yaqin Sharq va Afrikada al-Qoida yana kuchga to’layapti

  • Amerika Ovozi

Osama bin Laden o’limidan qariyb uch yil o’tayotgan bo’lsa-da, terrorizm bo’yicha ekspertlar fikricha, u asos solgan al-Qoida tashkiloti Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga jiddiy tahdid solishda davom etmoqda.


Jeyms Mattis harbiy xizmati davomida al-Qoida bilan ko’p bora yuzlashgan. 2011-yilda u AQSh dengiz piyoda kuchlarini Iroqqa olib kirgan. Keyinchalik Yaqin Sharq, Afrika va Afg’onistonda turli operatsiyalarga bosh-qosh bo’ldi.

Iste’foga chiqqan general terrorizmga qarshi kurash pand berayapti, degan fikrda.

“Jihodchilar, xususan, al-Qoida safi kengayib borayapti. Ular yangi imkoniyatlardan foydalanib, tobora kattaroq hududlarni o’z nazoratiga olmoqda”, - deydi u.

General Mattis Vashingtonda Jeymstaun jamg’armasi tashkillashtirgan anjumanda so’zladi. Uning aytishicha, G’arb al-Qoida terror tizimi va uning mohiyatini tushunib yetmagani bois uni yengish uchun shu paytgacha effektiv bir strategiya bilan chiqa olgani yo’q.

“Biz nafaqat jug’rofiy jabhada, balki g’oyaviy va mafkuraviy kurashda ham ustunlikni qo’lga olishimiz kerak. Britaniyada Toni Bleyr bosh vazirlikdan ketganidan buyon G’arbda hali hech bir siyosatchi terrorizmni yengish ahamiyatini, qanday oliy qadriyatlar uchun kurashayotganimizni aniq tushuntirib bergani yo’q”, - deydi sobiq qo’mondon.

Bugungi kunda al-Qoida boshida turgan ko’plab yetakchilar AQSh havo hujumlarida yoki maxsus kuchlar tomonidan o’ldirilgan. Lekin 2013-yil davomida jihodchi guruhlar Suriya, Somali, Yaman, Liviya va G’arbiya Afrikada qator qonli hujumlarni amalga oshirishga muvaffaq bo’ldi.

Al-Qoidadan ilhomlangan to’da Keniyadagi savdo markazini ishg’ol qilib, 70 dan ziyod odamni o’ldirdi. Jazoirda esa tabiiy gaz inshootiga qilingan hujumda 39 chet el fuqarosi nobul bo’ldi.

O’tgan kunlar ichida islomiy jangarilar Iroqning Falluja va Ramadi shaharlarini bosib oldi. 2010-yilda bu mamlakatni tark etgan Qo’shma Shtatlar ularni siqib chiqarishda Bag’dodga ko’maklashishga tayyor, ammo harbiylarini yubormaydi. Misrning Sinay sahrosida ham mahalliy jangari guruhlar al-Qoida bilan ittifoqqa kirayotgani haqida xabarlar bor.

Suriyada hukumatga qarshi kurashayotgan isyonchilar orasida ishini puxta yo’lga qo’ygani ham jihodchilar. Ular yangi a’zolarni yollashda juda faol. Suriyada jang qilayotganlarning ko’pi xorijdan, deydi kurd qo’mondoni Givan Ibrohim.

“Men jang maydonida ko’rganlarimdan 90 foizi chet davlatdan, asosan Saudiya Arabistoni, Tunis va Liviyadan. Yevropadan kelib, al-Qoidaga qo’shilganlar ham bor”, - deydi qo’mondon.

“Bu odamlarning ongida maqsad faqat bitta - hamma yoqni vayronaga aylantirib, jannatga yo’l olish. Shunday ekan, ularning missiyasi biznikiga qaraganda osonroq”, - deya qo’shadi Ibrohim.

Vashingtonda o’tgan konferensiyada terrorizmga qarshi kurash 2014-yilda yanada murakkab tus oladi, degan xulosalar yangradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG