Amerika va Rossiya Suriyada sulhni jonlantirishga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Seshanba kuni Venada 17 mamlakat tashqi ishlar vazirlari Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi. Amerika bosh diplomati Jon Kerri, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muloqotga hamrais.

Seshanba kuni Venada 17 mamlakat tashqi ishlar vazirlari Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi. Amerika bosh diplomati Jon Kerri, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov muloqotga hamrais.

Seshanba kuni Venada 17 mamlakat tashqi ishlar vazirlari Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi.

Majlis ishtirokchilari siyosiy muzokaralar nega to’xtab qolganini, sulhni nazorat qilishdagi va gumanitar yordamni muhtojlarga yetkazishdagi qiyinchiliklar xususida fikr almashdi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayerning aytishicha, Halab va boshqa joylarda vaziyat barqarorlashishi uchun sulhga amal qilish, siyosiy jarayonni jonlantirish zarur. Jenevada o’tgan muzokaralar to’xtab qoldi, sulh nazoratini kuchaytirish orqali muxolifatni muzokara stoliga qaytarish kerak, dedi rasmiy.

Rossiya va AQSh Suriya hukumati va muxolifatiga bosim qo’yib, sulhga amal qilishlariga harakat etmoqda.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov dushanba kuni shu xususda o’zaro gaplashgan. Lavrov Suriya-Turkiya chegarasida terrorchilar uchun ta’minot yo’llarini yopishga chaqirmoqda.

Suriyaning ayrim joylarida qurolli to’qnashuv davom etarkan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa gumanitar tashkilotlar insonparvarlik yordamini odamlarga yetkazishda qiynalmoqda. Ba’zi hollarda karvonlarga hujumlar uyushtirilib, oziq-ovqat o’g’irlanmoqda.

Bu orada, kecha, dushanba kuni 21 davlat rasmiylari Venada Liviyaning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan yangi hukumatini jangarilarga qarshi kurashda qurol bilan ta’minlashga kelishib oldi.

Majlisda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri ham qatnashdi.

Qo’shma Shtatlar va boshqa davlatlar qo’sh hokimlikka chek qo’yishga qaror qilib, Prezident kengashini amaliy jihatdan qo’llab-quvvatlamoqchi - qurol va harbiy tayyorgarlik bilan.

Kerrining matbuot anjumanida aytishicha, xalqaro hamjamiyat Liviyaga qo’yilgan qurol embargosini bekor qilib, unga Daish va boshqa terrorchi guruhlarga qarshi kurashda qurol-yarog’, o’q-dorini qo’lga kiritishda yordam beradi.

AQSh bosh diplomatiga ko’ra, Liviyada tuzilgan qo’shma hukumat qonuniy va haqiqiy bo’lib, u o’zini boshqa jangari guruhlardan himoya qila bilishi kerak.

"Yordam sifatida xorijdan Liviyaga qo’shin yuborish haqida gap ketayotgani yo’q", - dedi Jon Kerri.

O'tgan yil dekabrida BMT vositachiligida Liviyada Milliy totuvlik hukumati tuzilgan edi. Uni mamlakatning turli hududlaridan chiqqan to'qqiz arbobni o'z ichiga olgan Prezident kengashi boshqarmoqda. Kengashga Fayoz Siroj rais.

Muammo shundaki, Milliy totuvlik hukumatiga poytaxt Tripolida islomiy hukumat (Umumiy milliy kongress), sharqdagi Tobruk shahrida esa yaqingacha BMT tomonidan tan olib kelingan boshqa bir hukumat (Vakillar kengashi) qarshi turibdi. Prezident kengashi ularni o'z tomoniga og'dirishga harakat qilmoqda.

Bu va ko’plab boshqa qurollangan maydaroq guruhlar hokimiyat uchun o’zaro kurashib keladi, Daish ham mamlakatda faol, xususan O'rta dengiz bo'yidagi Sirta port shahri jihodchilar qo'lida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG