Arab davlatlari nazarida BMT Falastinni davlat deb tan olishi kerak, AQSh qarshi

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinni tan olsa yoki muzokarani o’z zimmasiga olsa, balki haqiqatan ma’quldir, deydi ba’zilar

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinni tan olsa yoki muzokarani o’z zimmasiga olsa, balki haqiqatan ma’quldir, deydi ba’zilar

Yaqin Sharq tinchlik muloqoti sust kechar ekan, arab davlatlari nazarida xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT tashabbusni qo’lga olib, Falastinni davlat sifatida tan olishi lozim.

Obama ma’muriyati bunga qarshi. Masalani faqat Isroil va Falastin yuzma-yuz kelishib, hal qilishi kerak, deydi Oq uy rasmiylari.

AQSh o’rtada qanchalik vositachilik qilmasin, Isroil va Falastinning gapi bir joydan chiqmay keladi. Sabri tugab borayotgan Falastin tomoni va arab davlatlari yaqinda yangi taklif bilan chiqdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoki Xalqaro Adliya Sudi oraga tushishi va Falastinni davlat deya e’lon qilishi kerak.

Arab Ligasi Bosh kotibi Amir Mussa Obama ma’muriyatining diplomatiyasi ish bermayapti, muqobil yo’llarni izlash lozim, deydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinni tan olsa yoki muzokarani o’z zimmasiga olsa, balki haqiqatan ma’quldir, deydi ba’zilar. Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Krouli bu bilan muammo hal bo’lmaydi, deydi.

“Gap Isroil va Falastinda qolgan. Faqat ikki davlat yuzma-yuz gaplashib, bir to’xtamga kelishi mumkin. Hamma burchakma-burchak, o’zi bilganicha qaror qabul qilishi yaramaydi”, - deydi Krouli.

BMT Falastinni tan olib, faqat bir tomonning talabiga quloq tutgan bo’ladi, xolos, deydi u.

Isroil muzokaraga BMT Xavfsizlik Kengashi yoki Bosh Assambleyasi aralashishiga mutlaqo qarshi. Bu 1993-yilda imzolangan Oslo bitimiga zid. Hujjat tinchlik muzokaralarini yoqlaydi.

Shu yil sentabrida Isroil va Falastin AQSh vositachiligida muzokara qilgan.

Biroq Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiy posyolkalarini qurishni bas qilish-qilmaslik masalasi hamon ochiq ekan, muloqot boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu shu hafta AQShga safar qilib, yahudiy tashkilotlar, shuningdek, vitse-prezident Jo Bayden bilan uchrashishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG