Falastin rahbariyati Isroilni murosaga undadi

  • Amerika Ovozi

G'azo, 9-may, 2014-yil.

G'azo, 9-may, 2014-yil.

Fath va Xamas partiyalarining birlashish qarori bunga to’siq bo'lmasin, deydi Falastin rasmiylari.

Falastin yetakchilari Isroil bilan tinchlik muloqoti davom etishiga ishonchi komil. Fath va Xamas partiyalarining birlashish qarori bunga to’sqinlik qilolmaydi, deydi Falastin rasmiylari.

G’arbiy sohilda hukmron Fath va Gazo sektorini nazorat qilayotgan Xamas o’tgan oy qo’shma hukumat tuzishga kelishgan edi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bunga javoban AQSh vositachilik qilayotgan muzokaralarni to’xtatdi.

Xamasga aloqasi bor hukumat bilan gaplashib o’tirmaymiz, deydi Netanyaxu. Isroil rahbariyati Xamasni terrorchi tashkilot deb biladi.

G’arbiy sohilni boshqarayotgan Fathdan farqli ravishda Xamas Isroilni davlat sifatida tan olmaydi. Guruh yahudiy davlatiga qarshi urush holatida va chegaradan raketalar yog’dirib keladi.

Tahlilchilar esa Fath va Xamas til topishishiga shubha bildirmoqda. Taraflar 2011 va 2012-yillarda murosa qilishga uringan, biroq bundan natija chiqmagan edi.

Aynan Isroil bilan munosabatlar bunga to’sqinlik qiluvchi omil hisoblanadi.

Fath va Xamas birlashsa, AQShda ayrim qonunchilar Falastinga yordamni uzishini aytib po’pisa qilmoqda.

Aytish kerak, Qo’shma Shtatlar ham Xamasni terrorchi tashkilot deb hisoblaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG