Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarining muddati uzaytirilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) Quddusida Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashmoqda, 31-mart, 2014-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) Quddusida Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan uchrashmoqda, 31-mart, 2014-yil

AQSh davlat kotibi Jon Kerri bugun Quddusda bo’lib, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan falastinlik mahbuslarni ozod etish xususida gaplashgan.

Isroil Falastin bilan o’tgan yoz muzokara boshlashdan oldin falastinlik mahbuslarni ozod etishga rozi bo’lgan edi. Shu kunga qadar ularning bir qismi qamoqdan chiqib, Falastinga qaytgan.

O’tgan juma Isroil yana bir guruh mahbuslarni ozod etishi kerak edi, biroq bunday bo’lmadi. Falastin rahbariyati Isroil so’zida turmasa, muzokaradan chiqishini bildirgan.

Tomonlar to’qqiz oy davomida, aprel oxirigacha muzokara qilishga kelishgan edi. Isroil muloqot muddatini uzaytirishni so’rab, shundagina mahbuslarni ozod etishini aytgan.

Muloqotga vositachilik qilayotgan Qo’shma Shtatlar ziddiyatni yumshatish uchun Isroildan va’dasining ustidan chiqishni so’rayapti.

Muzokaradan xabari bor ayrimlarning aytishicha, Kerri va Netanyaxu jarayonni 2015-yilgacha uzaytirishga kelishgan.

Kerri Netanyaxuga AQSh qamog’idagi Isroil josusi Jonatan Pollardni ozod etishni ham taklif qilgani aytilmoqda. Buning evaziga Isroildan bosib olingan yerlarda yahudiylar uchun uylar qurishni bas qilish hamda yuzlab mahbuslarni ozod etish so'ralmoqda.

Pollard AQSh Harbiy-dengiz floti razvedkasining xodimi bo’lib, Isroilga minglab maxfiy hujjatlar uzatgan. U 1985-yilda hibsga olinib, josuslikda aybdor topilgan va umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Isroil rahbarlari Obamadan Pollardni ozod etishni bir necha bor iltimos qilgan, ammo rad javobini olgan.

Kerri ertaga Ramallohda Falastin rahbarlari bilan uchrashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG