Breaking News

Isroil-Falastin masalasida bu yili progress bo'ladimi?


Isroil-Falastin masalasida bu yili progress bo'ladimi?
Isroil-Falastin masalasida bu yili progress bo'ladimi?

AQSh va Iordaniya Yaqin Sharq tinchlik jarayonini jonlantirish uchun hamkorlikka kelishib oldi. Biroq jarayon uzoq va mashaqqatli bo’lishi aniq, deydi “Amerika Ovozi”ga intervyu bergan sobiq rasmiylar.

Isroil-Falastin o’rtasidagi tinchlik muzokaralarida, mana bir yildan oshibdiki, hech qanday o’zgarish yo’q. Aksar diplomatlar, jumladan AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton allaqachon umidini uzgan.

“Jarayon boshi berk ko’chaga kirib qolgan va yaqin orada siljish bo’lishiga ishonmayman”, - deydi u.

Muammolar ko’p. Yangi Falastin davlatining chegaralarini belgilash, Quddus maqomi, falastinlik qochqinlar taqdiri va Isroil bosib olgan yerlarda qurilishni to’xtatish – shular jumlasidan.

2010-yilda Isroil qisqa tanaffusdan so’ng yana uylar qura boshlagach, muzokaralalar ham to’xtadi. Falastinliklar qurilish butunlay to’xtatilmasa muzokara olib bormaymiz, deb turib olgan.

Iordaniya qiroli Abdulla va Falastin prezidenti Mahmud Abbos
Iordaniya qiroli Abdulla va Falastin prezidenti Mahmud Abbos
Iordaniya qiroli Abdulla orada vositachilik qilmoqda. Biroq AQShning sobiq Mudofaa vaziri Vilyam Koen vaqt bor berilyapti, deydi.

“Yahudiy davlati Falastin suverenitet va iqtisodiy imkoniyatlarga haqli ekanini tan olishi lozim. Falastinliklar ham o’zaro birlashib, Isroilning xavfsizlik yuzasidan xavotirlari asosli ekanini e’tirof etishi kerak. Vaqt o’tsa ham bu maqsadlar o’zgarmaydi. Aksincha, aholi ko’paygan sari farovon kelajakni ta’minlash zarurati ham kuchayadi”.

To’siqlardan biri – Falastindagi tarqoqlik, rahbariyat ikkiga, G’arbiy sohil va G’azo sektoriga bo’linib qolganidir. G’arbiy sohil Mahmud Abbos yetakchiligidagi Falastin ma’muriyatiga qarashli, G’azo esa Xamas tasarrufida. AQSh Xamasni terroristik tashkilot deb hisoblaydi.

“Hozirgi kunda eng katta muammo – Falastin nomidan gapira oladigan yagona kuch yo’qligidir”, - deydi sobiq elchi Jon Bolton.

“Jiddiy va keskin siyosiy qarorlar qabul qilib, ularni amalga oshira oladigan taraf kerak bu yerda. Isroilda ham ayni shu muammo, biroq ularning salohiyatli hukumati bor. Vaziyat o’zgarishiga umid qolmayapti”, - deya qo’shadi diplomat.

Isroil-Falastin masalasida bu yili progress bo'ladimi?
Isroil-Falastin masalasida bu yili progress bo'ladimi?
AQSh prezidentlariga maslahatchilik qilgan general Brent Skoukroft fikricha, muammoni vositachilarsiz hal etib bo’lmaydi.

“1948-yilda Isroil davlati ta’sis etilganidan buyon shu ayonki, hech bir taraf vaziyatga xolis, obyektiv tarzda yondashmaydi. Ham Isroil, ham Falastinda ichki kelishmovchiliklar talay. Qo’shma Statlar va Yevropaning ko’magi kerak. Ikki mustaqil davlatni barpo etishdan boshqa chora yo’q, lekin ular o’zi buning uddasidan chiqa olmaydi”, - deydi Skoukroft.

Elchi Boltonning aytishicha, tinchlik bitimidan avvalo Isroil va Falastin manfaatdor. Qo’shma Shtatlar ularni majburlay olmaydi.

Ekspertlar bir masalada hamfikr: joriy yilda Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarida oldinga siljish bo’lishini kutmasa ham bo’ladi. Chunki AQShda prezident saylovlari. Saylov o’tganidan keyin Vashington yangi takliflar bilan chiqishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG