Arab dunyosi namoyishlar domida. Liviya muxolifati Misratani mudofaa qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Yamanning Taiz shahri, 10-may, 2011-yil

Yamanning Taiz shahri, 10-may, 2011-yil

Yamanda prezident Ali Abdulla Solihga qarshi namoyishlar davom etar ekan, bugun Taiz shahrida snayperlar o'qidan kamida ikki kishi o'lgan.

SURIYA

Suriyaning Hims shahrida hukumat askarlari namoyishlarni bostirishga harakat qilmoqda. Aholi o'q ovozlari, portlashlar eshitilgani haqida ma'lum qiladi.

Prezident Bashar al-Assad g'alayon o'choqlarini o'chirish maqsadida qo'shimcha kuchlar safarbar etgan. Ular uyma-uy yurib qidiruvdagi faollarni hibsga olmoqda. Mart oyida chiqishlar boshlanganidan beri 630 dan ziyod odam o'lgan, 9000 odam qo'lga olingan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun prezident Assadni ommaviy hibsga olishlarni bas qilishga, zudlik bilan islohotlar o'tkazishga chaqirgan. Ma'lum bo'lishicha, Suriya BMT Inson huquqlari kengashiga nomzodini g'arb davlatlari diplomatlari bosimi ostida qaytib olgan.

YAMAN

Yamanda prezident Ali Abdulla Solihga qarshi namoyishlar davom etar ekan, bugun Taiz shahrida snayperlar o'qidan kamida ikki kishi o'lgan. Xabarlarga ko'ra, hukumat kuchlari odamlarni kaltaklagan, ularga qarshi ko'zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan. Poytaxt Sano, Ib shaharlarida ham g'alayon kuzatilgan.

Bu o'rtada hukumat va muxolifat o'rtasida vositachilik qilayotgan Fors ko'rfazi kengashiga a'zo olti davlat vakillari tomonlarni prezidentni iste'foga chaqiruvchi bitimni imzolashga da'vat etmoqda. Kengash kecha Saudiya Arabistonida masalani muhokama qilgan. Hujjatga ko'ra, Solih hokimiyatni 30 kun ichida o'rinbosariga topshirib, muxolifat a'zolarini o'z ichiga olgan hukumat tuziladi.

LIVIYA

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Liviya hukumatidan isyonchilar qurshovga tushgan Misrataga hujumlarni bas qilib, muhtojlarga gumanitar yordamni yetkazishga imkon yaratishni so'rar ekan, muxolifat Muammar Qaddafiy kuchlarini shahardan 15 kilometr nariga siqib chiqarganini bildirmoqda. Ikki kunlik janglarda Misrata aeroporti atrofi ham hukumat qo'shinlaridan tozalangan.

BMT rahbari bugun Jenevada so'zlab, Liviya Bosh vaziri al-Bag'dodiy Ali al-Mahmudiy bilan telefon orqali suhbatlashganini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG