Breaking News

Yaqin Sharqdan bugunning xabarlari


Sano, Yaman
Sano, Yaman

MISR

Bugun Misrda sobiq prezident Husni Muborak ustidan sud jarayoni davom etgan. Politsiyaning bir necha vakili guvohlik bergan. Sud binosi tashqarisida esa xavfsizlik kuchlari ularga tosh otgan namoyishchilar bilan to'qnashgan.

Bungacha sudning ikki majlisi televideniye orqali uzatilgan edi. Ammo o'tgan oy sudya bundan keyin jarayonlarni jonli namoyish etishni taqiqlagan. Muborak lavozimini suiiste'mol qilish, korrupsiya, yil boshidagi namoyishlarni kuch bilan bostirib, 850 odamning o'limiga aloqadorlikda ayblanmoqda. Sobiq davlat rahbari barcha ayblovlarni rad etmoqda. Sudda ikki o'g'lining ishi ham ko'rilmoqda.

SURIYA

Suriyaning Hims shahrida hukumat kuchlari namoyishchilarni ta'qib etishda davom etar ekan, bugun ikki odamni o'ldirishgan.

Xalqaro Qizil xoch qo'mitasi rahbari Yakob Kellenberger kecha Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallim bilan uchrashgan, bugun esa prezident Bashar al-Assad bilan ko'rishadi. Qo'mita hukumatdan xavfsizlik kuchlari operatsiyasi paytida yaralangan aholiga tibbiy yordam ko'rsatishga ruxsat berishni so'ramoqda.

Kecha shimoli-g'arbiy shaharlarda 12 kishi otib o'ldirilgan. Hukumat prezidentga qarshi bosh ko'targan faollarni nishonga olmoqda. Xalqaro hamjamiyat Suriyani tinch aholiga qarshi zulmda ayblasa, prezident Assad aholi tinchini buzayotgan terrorchilar, biz esa ularni iziga tushganmiz, demoqda.

Joriy hafta Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiy Damashqada bo'ladi. Mamlakatdagi zo'ravonliklardan arab davlatlari ham tashvishda, deydi bosh kotib.

LIVIYA

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Liviya rahbari Muammar Qaddafiy iyul oyida Xitoy harbiy sanoatidan isyonchilarga qarshi kurash uchun qurol-yarog' sotib olmoqchi bo'lgan. Ammo, deydi vazirlik vakili, hukumatning bundan xabari bo'lmagan.

O'tgan hafta Kanada gazetasining Liviyadagi muxbiri axlat ichidan bunga doir hujjatlarni topib olib, gazeta bu haqda xabar bergan edi. Ularda aytilishicha, Xitoy kompaniyalari Liviyaga salkam 200 million dollarlik qurol taklif etgan, jumladan raketa otuvchi moslama, tank va havodagi nishonga qarshi raketalarni. Qurollarni Jazoir yoki Janubiy Afrika orqali Liviyaga yetkazish taklif etilgan. Aynan shu davlatlar Muammar Qaddafiyni qoralamagani ta'kidlanadi.

Ammo, deydi Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiysi, gap qog'ozda qolib, qurol Liviyaga sotilmagan.

YAMAN

Yaman rasmiylarining bildirishicha, bugun janubdagi Jaar shahrida aviatsiya masjidga bomba tashlagan. 7 kishining o'lgani ma'lum. Hukumat vakilining aytishicha, harbiy uchuvchilar nishonga olishda xatoga yo'l qoygan. Aslida jangarilar qo'lidagi kichikroq masjidni bombardimon qilish ko'zda tutilgan edi, deydi ular. Jaar shahri aprel oyida jangarilar nazoratiga o'tgan edi. Yaman armiyasi hududda al-Qoidaga qarshi jang qilib keladi.

O'tgan hafta janubda suiqasd bombachi mashinasini harbiy nazorat punktiga urib, uch askarni halok qilgan edi. Shanba kuni esa Zinjibar shahrida armiya va jangarilar to'qnashib, uch zobit va 12 al-qoidachi o'lgan.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG