Yaqin Sharq bir kun ichida. 20-may, 2011-yil

  • Amerika Ovozi

Suriyaning namoyishlar o'chog'i hisoblangan Hims shahri. 20-may, 2011-yil

Suriyaning namoyishlar o'chog'i hisoblangan Hims shahri. 20-may, 2011-yil

SURIYA

Suriyaning Hims shahrida xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni o'qqa tutib, uch nafarini o'ldirgan. Banias va boshqa shaharlarda ham namoyish bo'lib, o'q ovozlari eshitilgan. Mamlakatda chiqishlar mart o'rtalarida boshlanganidan beri 850 dan ziyod tinch aholi qurbon bo'lgan. 7000 odam esa hibsda. Namoyishchilar demokratik islohotlar va prezident Bashar al-Assad iste'fosini talab qilmoqda.

YAMAN

Bugun Yamanda ham namoyishlar. Omma prezident Ali Abdulla Solihdan hokimiyatdan ketishni so'ramoqda. Davlat rahbari poytaxt Sanoda tarafdorlariga murojaat qilib, muddatidan erta saylovlar o'tkazilishini ma'lum qilgan. Shundagina qon to'kilishlarining oldini olish mumkin, deydi Solih. Saylovlar aynan qachon o'tkazilishi hozircha noma'lum.

Prezident chorshanba kuni muxolifat bilan iste'fosi bo'yicha bitimni imzolashi kerak edi. Hujjatga Fors ko'rfazi kengashi vositachilik qilgan. Ammo bitimning imzolanishi ikkinchi bor qoldirilgan. Ma'lum bo'lishicha, prezident muxolifat a'zolaridan birining bitimni imzolashiga norozilik bildirib, bosh tortgan. Hujjatda davlat rahbarining sudga tortilmasligi kafolatlanadi. Evaziga Solih 30 kun ichida hokimiyatni o'rinbosariga topshirishi lozim. Shundan so'ng yangi hukumat tuzilib, unga muxolifat a'zolari ham kiritiladi.

LIVIYA

NATOning bildirishicha, bugun Liviyaga qarashli sakkiz kema havo hujumiga uchragan. NATOning Liviyadagi operatsiyasi qo'mondoni kontr-admiral Rassl Xardingning aytishicha, Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlar isyonchilar qo'lidagi hududlarni minalashtirishga kirishib, harbiy-dengiz kuchlarini ishga solmoqda. Minalar suv yo'llari orqali tashilayotgani aniqlangach, NATO kemalarga hujum qilishga majbur bo'ldi, deydi kontr-admiral.

Alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen harbiy va siyosiy bosim ostida Muammar Qaddafiy rejimi tez orada qulashini bashorat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG