Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq sayyohlar uchun jozibasini yo'qotgan

  • Amerika Ovozi

Misr poytaxti Qohira yaqinidagi piramidalar

Misr poytaxti Qohira yaqinidagi piramidalar

Iyun oyida jihodchilar Tunisda tinch aholiga hujum uyushtirganidan keyin G’arb hukumatlari o’z fuqarolariga Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqqa sayohat qilganda ehtiyot bo’lishni yoki bu mintaqalarga bormaslikni tavsiya qilmoqda.

Tunisdan Turkiyagacha - barcha mamlakatlar turizm sohasiga jiddiy zarar ko'rdi. Amerika va Yevropadan sayyohlar bu o’lkalarga bormay qo’ydi.

Davlat departamenti xorijda terror tahdidi hamda AQSh fuqarolariga nisbatan zo’ravonlik hollari ko'paygani haqida ogohlantirib turibdi.

Britaniya va Daniya hukumatlari ham o’z fuqarolariga Tunisdan chiqib ketishni tavsiya qildi. Biroq mintaqa rasmiylari yevropaliklar harakatlari terrorchilarga qo’l kelmoqda, deydi.

“Turizm sohasiga zarar yetkazib, xorijliklarni mamlakatdan quvib, terrorchilar butun sanoatni xavf ostiga qo’ymoqda. Bu sohada ishlaydigan odamlar endi ishsiz qoladi", - deydi Tunisning Londondagi elchisi Nabil Ammar.

"Mehmonxonalar yopilyapti, vaholanki, bu juda muhim sanoat. Terrorchilik sabablaridan biri - umidsizlik. Yagona sababi emas, albatta, lekin muhim sabablaridan biri”.

Ayni vaqtda jihodchilar “Islomiy davlatga marhamat”, qabilida targ’ibot olib bormoqda. Ular tomonidan chiqarilgan kitobchada Iroq va Suriya hududlarini qamrab olgan xalifalikda shaffof buloqlar, Olimpiada o’tkazilishi mumkin bo’lgan havzalar, go’zal manzara, baliqchilik uchun joylar borligi reklama qilinadi.

Misrda "Islomiy davlat"ga aloqador bir terrorchi guruh nishonning strategik ahamiyatiga qarab hujumlarni amalga oshirmoqda.

Iyunda mamlakat janubidagi ko’hna Luksor shahrida joylashgan Kamak ibodatxonasi yonida bir kishi o’zini portlatdi.

Bu turizm sohasidan katta foyda ko’radigan mamlakat uchun jiddiy zarba. Joriy yilning birinchi yarmida sohadan tushgan foyda o’tgan yilning birinchi yarmiga qaraganda 3,1 foizga ko’paygan edi.

“Arab bahori” dan oldin Misrning turizm sohasidan tushadigan daromadi hozirga qaraganda 95 foizga balandroq bo’lgan. Endi esa sayyohlar Misrni emas, Qizil dengiz bo'yidagi xavfsizroq joylarni afzal ko’rmoqda.

2010-yilda Misrga 14,7 million sayyoh borgan edi. Bu yil esa bu raqam 12 million atrofida bo’lishi kutilmoqda.

Aksariyati – Rossiya va Osiyodan borayotgan turistlar. Misr Xitoyda reklamani kuchaytirgan. 2000-yildan buyon xorijga sayohat qiladigan xitoyliklar soni yiliga 13 milliondan 165 milliongacha oshdi.

Iordaniyada ham so’nggi terror xuruji bundan 10 yil avval ro’y berganiga qaramay sayyohlar ancha kamaygan.

Joriy yilning birinchi to’rt oyida turizmdan tushgan foyda o’tgan yilning birinchi to’rt oyiga qaraganda 15 foizga pasaygan va 1,5 milliard dollarni tashkil etdi. Sayyohlarni o’ziga tortadigan joylarga boy qirollik uchun bu jiddiy zarba. Turizm azaldan Iordaniya yalpi ichki mahsulotining 15 foiziga teng bo’lib kelgan.

Eng mashhur shaharlardan biri Petrada o’nta katta mehmonxona yopildi, suvenir do’konlariga esa bir necha kunlab xaridor kirmaydi. 2010-yildan buyon turistlar soni ikki baravar kamaygan.

“Iordaniyada terror tahdidi yuqoriligicha qolmoqda”, - deyiladi AQSh Davlat departamentining sayyohlar uchun tavsiyanomasida.

Iyunda Sus shahrida ro'y bergan otishmada 30 ingliz sayyoh nobud bo’lganidan keyin Britaniya ham o’xshash ogohlantiruv chiqardi.

Misr kabi Iordaniya ham xorijiy mehmonlar sonini ko’paytirish ilinjida. Bu maqsadda Yaponiya va Janubiy Koreyada reklamani kuchaytirgan. Tibbiy turizmni rivojlantirish rejasi bor. 2014-yilda 250 ming xorijlik bemor Iordaniyaga kelib davolangan edi.

Ammo turizm yana gullab-yashnashi uchun avvalambor terrorchilik tahdidini yo’q qilish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG