Yaqin Sharqda Amerika nufuzi yanada tushib ketgan

  • Amerika Ovozi

Yaqin Sharqda Amerika nufuzi yanada tushib ketgan

Yaqin Sharqda Amerika nufuzi yanada tushib ketgan

Qo'shma Shtatlar Misr prezidenti Husni Muborakni siyosiy islohotlarni tartibli ravishda boshlashga, erkin va ochiq saylovlarga yo'l berishga chaqirmoqda.

Vashingtonning Misr hukumatiga so'zi o'tadimi? Umuman, arab dunyosida AQShning nufuzi, ta'siri qanday?

Aksariyat mutaxassislar nazarida arab davlatlari orasida Qo'shma Shtatlarga bo'lgan ishonch bugun ancha past.

Shunday tahlilchilardan biri Aaron Deyvid Miller, o'tmishda Davlat departamenti rasmiysi, hozir esa Vashingtonda asoslangan Vudro Vilson nomidagi xalqaro tahlil markazida ishlaydi.

"Afg'oniston va Iroqda urush qilyapmiz. Eronga sanksiya qo'yishda hissamiz katta bo'lishiga qaramay, rasmiy Tehronni yadro quroli yaratish yo'lidan qaytara olganimiz yo'q. Arab-Isroil tinchlik jarayoni boshi berk ko'chada. Mintaqada bizdan na qo'rqishadi, na hurmat qilishadi, na ko'klarga ko'tarishadi. Obro'miz o'ta past. Bizga "yo'q" deyish oson bo'lib qolgan", - deydi Miller.

Uning aytishicha, arab davlatlarida hukumatga qarshi hozirgi va kelajakdagi namoyishlar tashvishga molik.

"O'zgarishlar natijasida xalq fikriga qarab siyosat yurituvchi hukumatlar ko'payishi mumkin. Bu esa mintaqada Amerika siyosatiga qarshi tanqidlarning kuchayishiga olib keladi", - deydi Miller.

Yana bir mutaxassis, AQShning Misr va Isroildagi sobiq elchisi Deniel Kurserning aytishicha, namoyishlar ehtimoli Yaqin Sharqdagi aksariyat davlatlarda yuqori.

"Mintaqa iqtisodiy muammolarga to'la. Siyosiy faoliyat uchun davra tor. Shu sabab bo'lajak jarayonlarni bashorat qilish qiyin. Biroq mening nazarimda Yaqin Sharqdagi har bir hukumat shu kunlarda xalq dardiga quloq solishga, Misrdagi kabi voqealar yuzaga kelmay turib, muammolarni hal etishga kirishishi mumkin", - deydi sobiq elchi.

London Iqtisodiyot maktabi ilmiy xodimi Favaz Gergesning bildirishicha, mintaqada AQSh ta'siri bor-yo'qligidan qat'iy nazar, Yaqin Sharq taqdirini unda yashovchi xalqlarning o'zi hal etadi.

"Misr taqdiri misrliklar qo'lida. Yaqin Sharq siyosatida yangi voqelik shakllanmoqda. Odamlar kuchga to'lib, uzoq yillar hukmronlik qilgan avtoritarizm jamiyat, mamlakat obro'si va iqtisodiyotiga putur yetkazganini anglab yetdi. AQSh o'z ittifoqdoshlariga so'zini o'tkazib, barqarorlikni ta'minlashda muhim omil bo'lishiga qaramay, imkoniyatlari cheklangan. Shu sabab Yaqin Sharqdagi yangi voqelikni tan olib, uni hurmat qilish lozim", - deydi Gerges.

Uning nazarida mintaqada plyuralizm, fikr xilma-xilligining bo'lishi juda muhim.

"Institutlarni barpo etish lozim. Iqtisodiyotni tiklash kerak. Bu uzoq muddatda Amerikaning strategik manfaatlariga ham javob beradi. Ayniqsa so'nggi o'zgarishlar natijasida demokratik institutlar qurilib, xilma-xillikni targ'ib qiluvchi hukumat shakllansa", - deydi mutaxassis.

Tahlilchi Aaron Deyvid Miller Amerikaning arab dunyosiga ta'sirini oshirmaslikni tavsiya qiladi. Uzoq yillar avtoritarizm iskanjasida bo'lgan mintaqada ahvolni yaxshilash uchun ko'p vaqt kerak bo'ladi va bu ishni chetdan qilib bo'lmaydi, deydi siyosatshunos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG