AQSh Isroil va Falastinga teng munosabatda bo’lishi darkor


AQSh Isroil va Falastinga teng munosabatda bo’lishi darkor

AQSh Isroil va Falastinga teng munosabatda bo’lishi darkor

Yaqin Sharq qo’zg’olonlar domida ekan, region kun-sayin o’zgarib bormoqda.

Xalqlar mustaqillik, huquq uchun mardlarcha kurashib, eski avtoritar rahbarlar sarosimada. Xavfsizlik ham dolzarb masala, demak Isroil yangi sharoitga moslasha bilishi kerak.

Kurash va tantana to’lqinida Falastin davlati ham barpo etilsa, ajabmas, deydi ba’zi kuzatuvchilar. Qirg’iziston ahli bu haqda qanday fikrda?

O’sh Davlat universiteti professori, siyosatshunos Arap Anarboyev:

“Isroil-Falastin masalasi 50-60 yildan beri yechilmay keladi. Xalqaro hamjamiyat ham ushbu narsaga ko’nikib qolganday. Bir paytlar munosabatlar yumshaganday edi. Misol, Sovet Ittifoqi Yosir Arofat rahbar Falastin Ozodlik Tashkilotini qo’llab-quvvatlab kelgan. Masalani yechish uchun vositachilik qilgan, siyosiy-iqtisodiy ko’mak ko’rsatgan. Afsuski, hozirgi Rossiya bunday vazifani bo’yniga ololmadi va ko’proq o’z muammolariga ko’milib ketdi”, - deydi siyosatshunos.

O’shlik tahlilchi Odiljon Obidov Isroil-Falastin mojarosi butun Yaqin Sharq, arab dunyosi tinchini buzayotgan omillardan, deb hisoblaydi.

“Bu balki, Markaziy Osiyoda vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan harakatlarning bir uchi bo’lishi mumkin”, - deya mulohaza yuritadi Obidov.

Falastin ahli o’z yurtiga, Iordan daryosining g’arbiy sohili, G’azo sektori va Sharqiy Quddusni o’z ichiga olgan davlatiga ega bo’lmoqchi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti joriy yil Falastinni qo’llab-quvvatlab, xaritada yangi mamlakat paydo bo’lishi ehtimoldan xoli emas.

Tahlilchi Odiljon Obidov fikricha, Falastin ma’muriyatining talabi asosli.

“Masala o’tgan asr o’rtalaridan beri muallaq bo’lib turibdi. Xalqaro tashkilotlar, shu jumladan, BMTning shunga doir tavsiyalari va hujjatlari bor. Endi, Isroil ko’p yillardan buyon tinchlikparvar davlat bo’lib ko’rinishga harakat qilayapti. Aslida Falastin mustaqilligiga qarshi bo’lgan, bundan keyin ham qarshilik ko’rsatsa kerak”, - deydi u.

Siyosatshunos Arap Anarboyevning aytishicha ham Isroil-Falastin masalasi bo’yicha BMT bir necha bor rezolyutsiyalar qabul qilgan. Ammo Isroil bu qarorlarni bajarmagan.

Vashington ko’p yillardan buyon Falastin va Isroil o’rtasida vositachi. Suhbatdoshlar AQSh tomonlarga teng munosabat qilishi darkor deb hisoblaydi. Bu borada BMTning o’rni muhim, lekin tashkilot sustkashlik qilmoqda, deydi ular.

“BMT o’zga hududlarga sabab-besabab qo’shin kiritish hollariga qarshilik ko’rsatmayapti. G’arb mamlakatlari Yaqin Sharqda, Shimoliy Afrikada xohlagan narsasini qilayapti”, - deydi Anarboyev.

XS
SM
MD
LG