Yaqin Sharq tobora diniy nifoq, urushlarga tortilmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyadagi qonli urushi qo’shni davlatlarda ham aks-sado berar ekan, Yaqin Sharq bugun diniy-siyosiy tortishuvlarga sahna. Mazhablar-aro raqobat fonida ekstremistik oqimlar nufuz va territoriya uchun kurashmoqda.

Livan poytaxti Bayrutni yana bir portlash zir titratdi. Qonli hujum qo’shni Suriyadagi urush asorati deb ko’riladi.

Suriyaning o’zida xorijdan kelgan minglab jihodchilar bir-biriga qarshi qurol ko’targan. Urush boshlanganiga yaqinda uch yil to’ladi.

Iroqda armiya Anbar viloyatida ikki shaharni bosib olgan radikallar bilan olishmoqda. Ikki yil ilgari AQSh qo’shinlari bu davlatni tark etganidan buyon eng jiddiy xatar bu.

Al-Qoida bilan hamkor guruhlar regionni katta bir jang maydoni deb ko’radi.

Tahlilchi Deyvid Pollokning aytishicha, AQShning manfaatlari va ittifoqchilari tahdid bilan yuzlashib turibdi. “Bu voqelikni tan olish kerak”, - deydi u.

Ziddiyatlar alanga olishida diniy sektalar orasidagi qarama-qarshiliklar hamda Saudiya Arabistoni va Eron orasidagi adovat muhim omil, deydi kuzatuvchilar.

Eron Hizbulloh va boshqa shia guruhlarni qo’llab-quvvatlayotgan bo’lsa, sunniy isyonchilarni qurollantirayotgan bu - Saudiya Arabistoni.

“Al-Saud qirolligi bu o’yinga tortilgani tabiiy chunki Eronni dushman deb biladi. Davlatlar muayyan guruhlarni moliyalab, qurol bilan ta’minlayotgani regional urushga yo’l ochayapti, terrorchi guruhlar hukumatlardan yordam olayapti”, - deydi siyosatshunos Bill Roggio.

Iroqdagi xunrezlik ikki mazhab orasidagi nifoq mahsuli. Ekstremistlar shia hukumat tomonidan tahqirlangan sunniy qabilalar yonini olayapti.

Bosh vazir Nuri al-Malikiy al-Qoidaga ergashmang, ko’zingizni kattaroq oching, deya o’z xalqiga murojaat qildi.

Lekin siyosatdonlar tahlilicha, Malikiyning sunniy oppozitsiyani ezayotgani al-Qoidaga kuch bag’ishlamoqda.

“Al-Qoida Iroqda mo’tadil sunniy qabilalar bilan hamkorlik qilishga o’tgan chunki har ikki tomonning Malikiyni ko’rishga ko’zi yo’q. Ular nazarida bosh vazir qonunlardan, boshqaruv apparatidan sunniy aholiga qarshi foydalanyapti”, - deydi sharhlovchi Maykl Oxanlon.

Bu, o’z navbatida, al-Qoida uchun odam yollash va mablag’ to’plashda qo’l kelayapti.

“AQSh va boshqa G’arb davlatlari urushlarni tugatib, qo’shinlarini olib chiqayotgan bir paytda ana shunday voqealarga guvoh bo’lib turibmiz”, - deydi Bill Roggio.

Qo’shma Shtatlar Bag’dodga razvedkachi dronlar va raketalarni jo’natib, yordam berayapti. Ammo mamlakatga yana qo’shin yuborish haqida gap bo’lishi mumkin emas, deydi mulozimlar.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG