4-noyabr Amerikada saylov kuni

  • Amerika Ovozi

AQShda 4-noyabr kuni bo'lib o'tadigan Kongress saylovlari Prezident Barak Obamaning davlat rahbari sifatidagi qolgan ikki yillik muddati qanday kechishini belgilaydi. Vakillar palatasidagi hukmronligini mustahkamlashi kutilayotgan respublikachilar demokratlar nazoratidagi Senatda ham ko'pchilik o'rinlarni qo'lga kiritish niyatida. Agar bu amalga oshsa, demokrat Obamaning Kongress bilan ishlashi yanada qiyinlashadi.


Telekanallar turli siyosiy reklamalar bilan to'lgan bir paytda, respublikachi nomzodlardan biri Mayka Edmonds muloqotning yangicha yo'lini topdi. U shimoliy Virjiniyadagi mahallalarda uyma-uy yurib, saylovchilarning eshigini qoqmoqda. Menga ovoz bering, deydi u eshikni ochgan fuqarolarga.

"Sizni yoqtirdim, ammo men respublikachilarga ovoz bermayman", - deydi fuqarolardan biri.

Demokrat va respublikachi nomzodlarning saylov idoralari gavjum. Varaqalarni tayyorlashda hamda telefon orqali fuqarolarga bog'lanishda ko'ngillilar yordam bermoqda.

"Tarafdor yig'ish fursati o'tdi. Endi sizni qo'llab-quvvatlayotganlarni saylovga olib chiqish payti", - deydi Feyrfeks demokratlar qo'mitasi rahbari Frenk Anderson.

"G'ayrat-ishtiyoq yo'qligi saylovga chiquvchilar sonini kamaytiradi. Tashabbus yuqori bo'lishi kerak", - deydi u.

Odatda, prezidentlik muddati orasida o'tadigan Kongress saylovlarida respublikachilar qo'li baland keladi, deydi "Gallup" tadqiqot markazi vakili Frenk Nyuport.

"Ular keksa odamlarni nishonga oladi. Demokratlar, asosan, yoshlar. Saylovga esa ko'proq keksalar chiqadi. Respublikachilar orasida ta'lim darajasi yuqori bo'lganlar ham ko'p. Demokrat nomzodlar eng katta muammolardan biri tarafdorlarni saylov uchastkasiga olib chiqish ekanini yaxshi biladi", - deydi Nyuport.

Prezident Obamaning tushib borayotgan obro'si ham demokratlar istiqboliga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Respublikachilar esa Kongressni egallab, Obamaga qarshi kurashishga tayyor, deydi Feyrfeks respublikachilar qo'mitasi rahbari Mat Ames.

"Ovoz beruvchilar tashabbuskorligi doim muhim. Bu natijalarga ta'sir qiladi. Respublikachi saylovchilar juda tashna. Butun mamlakat o'zgarish istamoqda", - deydi u.

Demokratlar saylovchilar bilan yaqin aloqada ekanliklarini aytadi.

"Har yili bu masalada bizning qo'limiz baland keladi. Ko'proq saylovchi bilan aloqaga chiqamiz. Shaxsan ular orqali boshqa ovoz beruvchilarga bog'lanamiz", - deydi Frenk Anderson.

"Mahalliy darajada demokratlar ko'proq ustunlikka egadek. Biz bu masalada ularga yetib olamiz", - deydi respublikachilar vakili Mat Ames.

Har ikki partiya erta ovoz beruvchilarga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Demokrat va respublikachi ko'ngillilar saylov kuni ovoz berish imkoniga ega bo'lmagan fuqarolar uchun tashkil etilgan erta ovoz berish markazlarida faol.

"Ashaddiy respublikachilar ovoz berishga shay", - deydi bir ko'ngilli.

"Do'stlarimning har biridan saylovga chiqishlarini so'rayman", - deydi yosh demokratlardan biri

Odatda, Kongress saylovlarida prezidentlik poygasiga qaraganda kamroq odam qatnashadi.

"Bu uyat. Agar ovoz bermasangiz, shikoyat qilishga haqqingiz yo'q", - deydi fuqarolardan biri.

Har ikki partiya tarafdorlari bu fikrga qo'shiladi. Qaysi tomon ko'proq ovoz olishi esa 4-noyabrda bo'ladigan saylovdan so'ng ma'lum bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG