Respublikachilar nazoratidagi Kongress Obamaning tashqi siyosatiga ta'sir o'tkazishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQShda kecha o'tgan Kongress saylovlarida respublikachilarning qo'li baland kelib, muxolifat har ikki palatada hukmronlikni qo'lga kiritdi. Oxirgi sakkiz yil davomida demokratlar ustun bo'lgan Senat endi respublikachilar nazoratida. Bu Prezident Obamaning tashqi siyosatiga qanday ta'sir qilishi mumkin?


Har ikki palataning respublikachilar nazoratiga o'tishi prezident tashqi siyosatiga ham ta'sir o'tkazadi, deydi Amerika universiteti professori Gay Ziv.

"Prezident Obama endi Eron bilan olib borilayotgan muzokaralarda hamda Isroil-Falastin tinchlik muloqotida o'zi istagan ijobiy siljishga erishishi qiyin bo'ladi. Bu har ikki masala bir necha yildan beri Kapitoliyda eng bahsli mavzulardan bo'lib kelgan", - deydi u.

Eronning yadro tadqiqotlarini cheklashga qaratilgan xalqaro muzokaralar shu oy oxirigacha yakunlanishi belgilangan.

Senatdagi ko'plab respublikachilar Tehronga uranni boyitishda davom etish imkonini beruvchi kelishuvdan norozi, lekin Prezident Obama Kongress ruxsatisiz AQSh sanksiyalarini bekor qilish huquqiga ega.

Kato instituti tahlilchisi Jastin Loganning aytishicha, respublikachilar Kongressni to'liq egallagach, Eron bilan muzokaralarda o'zgarish yuz berishi mumkin.

"Senatda ko'pchilik o'rinni egallagan respublikachilar Eronga nisbatan sanksiyalarni oshirish haqida yangi qonun taqdim etishi mumkin. Buning uchun tashqi siyosat yuzasidan mas'uliyatni Kongress o'z zimmasiga olishi kerak. Lekin shu paytgacha Kongress bunday ish tutishdan o'zini tiyib kelgan", - deydi tahlilchi.

Respublikachi senator Jon Makkeyn Suriyadagi mo'tadil muxolifatni qo'llab-quvvatlashda AQShning sustkashlik qilayotganini tanqid qilib keladi. Respublikachilar endi Suriyada harbiy harakatlarni jadallashtirish masalasini ham ko'tarishi mumkin, deydi Atlantika kengashi tahlilchisi Robert Menning.

"Senatdagi Qurolli kuchlar qo'mitasi senator Makkeyn boshqaruviga o'tishi kutilyapti. Bu esa mudofaa xarajatlari hamda Yaqin Sharq va boshqa joylardagi harbiy harakatlar masalasida bahslarni kuchaytiradi", - deydi u.

Suriyadagi muxolif guruhlarni qurollantirish va tayyorgarlikdan o'tkazish dasturi ham kengayishi mumkin.

"Bu dastur davom etyapti, lekin senator Makkeyn xohlagan yo'sinda emas. Muloqotlarni qanday davom ettirish, qanday tinglovlar bo'lishi, Senatdagi respublikachilar bu haqdagi matbuot xabarlariga qanday ta'sir o'tkaza olishi hamda prezident siyosati borasida bo'layotgan gaplar yuzasidan o'zgarishlar ro'y berishi mumkin", - deydi tahlilchi Logan.

Davlat departamenti so'zlovchisi Jen Psakining aytishicha, Kongressni kim nazorat qilishidan qat'i nazar, AQSh diplomatlari teng hamkorlik qilishda davom etadi.

"Davlat departamenti hech bir partiyaga mansub bo'lmagan idora. Biz demokratlar bilan ham, respublikachilar bilan ham ishlaymiz. Shu tartibda faoliyat yuritishni davom ettiramiz", - deydi Psaki.

Matbuotda Davlat kotibi Jon Kerrining o'z vazifasida yana qancha qolishi haqida turli fikrlar paydo bo'lgan. Jen Psakining aytishicha, Kerri bosh diplomatlik faoliyatini davom ettiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG