Rossiyada mehnat muhojirlarining farzandlari qanday ta'lim olmoqda?


Tojikistondan Rossiyaga borib ishlayotgan muhojirlar soni aniq emas, lekin turli manbalarda kamida bir yarim million ekani taxmin qilinadi. Mehnatkashlar begona yurtda yuzlashayotgan qiyinchiliklar qatorida ularning farzandlari tarbiyasi alohida muammo sanaladi. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Tojikiston fuqarolarining maktab va maktab yoshigacha bo’lgan qariyb 100 ming farzandi Rossiyada yashamoqda, ularning o’n mingdan ortig’i mehnat bilan mashg’ul.

Moskvadagi «Mehnat muhojirlari» nodavlat tashkiloti o’tkazgan sotsiologik tadqiqotga ko’ra, Rossiyadagi mehnat muhojirlarining 80 foizga yaqini farzandlarini maktabga joylashda qiyinchiliklarga duch keladi.

Yekaterinburgdagi tojik diasporasi faoli Shomahmad Idrisov aytadiki, sharoit va ish faoliyati sabab mehnat muhojirlari 3-4 yillab farzandlari diydoridan mahrum qoladi.

“Alal-oqibat, bu Tojikiston davlatchiligining kelajagi, masala tobora jiddiylashib bormoqda", - deydi u. "Muhojirlar farzandlarini ham Rossiyaga olib kelmoqda, ular rus tilini o’zlashtirib olishsa-da, maktabga qatnamaydi, bilim olmaydi”,- deydi Shomahmad.

Og’ir iqtisodiy ahvol sabab balog’at yoshiga yetmagan ko'plab bolalar mehnat muhojirligini tanlamoqda.

Moskva politsiyasi tomonidan Dushanbega qaytarib yuborilgan 10-sinf o’quvchisi Said Tojikistonning markazga bo’ysunmas G’arm hududidan. U Jirg’atoldan ekanini, aholi Dushanbega bo’ysunmasligini, oilasidagi og’ir sharoit sabab maktabni tashlab, ish izlab yolg’iz Rossiyaga ketganligini aytadi.

“Oilam kam ta’minlangan, biror kishi ishlamaydi. Shunaqa qilib oilamizga yordam qilmoqchi edim. Ish topolmadim, har joyda yotib yurardim. Militsiya ushlab orqaga qaytarib yubordi”, - deydi u.

Saidning onasi ro’zg’ordagi nochorlik tufayli bunga majbur bo’lganligini ta’kidlab, o’glidan tashqari uch qizini otasiz o’stirayotganini aytadi.

“Hech qayerda ishlamayman, ayol boshim bilan alam qilmaydimi shugina bilan yashasam. Shu tirnoqlarim otasiz katta bo’lishyapti, biron narsa bo’lsin dedim-da. Xotin olishi kerak, uy olishi kerak, rosti gap, boshqa fikr yo’q. Ishlasin, yordamchi bo’lsin dedim-da, nimayam qilardim”, - deydi mushtipar ona.

Turli sabablar bilan ota-onasi Rossiyada ozodlikdan mahrum etilganlarning farzandlari ham u yerlarda qarovsiz qolib ketadi.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi O’smirlar bilan ishlash boshqarmasi zobiti Bakir Zokirov qashshoqlik sabab Rossiyaga ketib, bolalarining nazoratsiz qolib ketishiga ota-onalarning o’zi aybdor, deb hisoblaydi.

“Rossiyada noqonuniy yurishlarining asosiy sababi, birinchidan, ota-onalarning roziligi yoq’ligi, ikkinchidan, ularning o’sha yerda rasmiy qayddan o’tmasligi. Rossiya Federatsiyasida bebosh o’smirlar saqlanuvchi markazlar bor va yana ota-onalari mahkum etilib, nazoratsiz qolgan bolalarni saqlovchi ijtimoiy muassasalar bor. Bir oygacha u yerda tutishlari mumkin. Biz balog’atga yetmaganlarning kimligini aniqlab telefonogramma jo’natamiz, ana shu telegrammaga asoslanib, ularni doimiy yashovchi uylariga keltirishadi” - deydi tojik zobiti.

Tojikistonlik Saodat Normatovaning ukasi 8 yildan beri Rossiyada. Dastlabki yillari muhojirotda yo’lg’iz bo’lgan, keyinchalik oilasini o’zi bilan olib ketgan-u, ammo bolalarini maktabga joylay olmay vataniga qaytarib olib kelgan.

“Xotinini, ikki bolasini olib ketib, uch yil sarson bo’ldi. Bolalarini na bog’chaga, na maktabga joylay oldi. Yana Tojikistonga qaytib, tojik maktabiga joylab ketdi. Farzandlarini Rossiyada maktab, bolalar bog’chalariga joylaganlar ham bor. Ular fuqarolikni qabul qilishgan, maoshiga qarab ish tutishadi yo bo’lmasa, pul bilan ish bitirishadi. Pul bo’lsa, hamma narsa hal bo’ladi”, - deydi Saodat.

Jahon muhojirot tashkilotining Moskvadagi tojikistonlik vakili aytadiki, Rossiya hukumati bolalarni himoyalash bo'yicha xalqaro qonunlarini e’tirof etsa-da, mehnat muhojirlarining farzandlari haqida qayg'urmaydi.

“Bularda mehnat muhojirligi haqida qonunlar bo’lsa ham, qonunlarida muhojir farzandlari haqida biron so’z yoq. Odamlarimizning ham aybi bor, vaqtida hujjat rasmiylashtirmaydi, qayddan o’tmaydi, o’ng kelgan joyga ishga borishadi, mutaxassisligi yoq, bolalar qarovsiz qolib ketadi. Bular maktabga borishlari kerak bo’lsa, maktabda aytishadiki, agar qayddan o’tmagan bo’lsangiz, tamom, bolangizni maktabga olib kelmang, deyishadi”,- deydi Tojikistonning Moskvadagi rasmiy vakili.

Jamiyatshunos Komron Hafiziy fikricha, mamlakatda ishsizlik, qashshoqlik hukmron ekan, bolalarning qarovsizligi, ish izlab chetga chiqib ketishi davom etadi.

Umidimiz Qirg’izistondan keyin Tojikistonning ham Rossiya yetakchiligidagi yangi ittifoqqa a’zo bo’lishida qoldi, deydi tojik jamiyatshunosi.

XS
SM
MD
LG