Migrantlar chegarada Makedoniya politsiyasi bilan to'qnashdi

  • Amerika Ovozi

Makedoniya politsiyasi Gretsiya bilan chegarada turgan migrantlarni tarqatish uchun ko'zni yoshlantiruvchi gaz va karaxt qiluvchi granatalar qo'lladi. Qochqinlar Idomeni chegarasida o'rnatilgan to'siqlardan o'tishga harakat qilgan edi.

Yakshanba kuni ham o'sha yerda to'qnashuv kuzatilgan. Politsiya rezinali o'q otgani, qochqinlarni suv bilan tarqatishga harakat qilgani, bir necha odam jarohat olgani aytiladi.

Gretsiya rasmiylari qo'shni Makedoniyani ortiqcha kuch ishlatganlikda ayblamoqda. Aytishlaricha, qochqinlar joylashgan lagerda kimdir chegara ochilgani haqida varaqalar tarqatganidan so'ng omma o'zini chegara tomon urgan.

Idomeni lagerida yashayotgan minglab odamlar yashash sharoitidan, zo'ravonliklar sodir bo'lib turishidan shikoyat qiladi.

So'nggi bir yilda yuz minglab odam Suriya va Iroqdagi urushlardan, qashshoqlikdan, terrorizmdan qochib Yevropaga bordi. Afrika, Pokiston, Afg'onistondan ham qochqinlar bor.

Liviyadan dengiz orqali xavfli yo'lga otlangan 2000 dan ziyod migrant shu hafta Italiya sohillarida qutqarilgan. Qurbonlar yo'q, barchasi Sitsiliyaga jo'natilgan.

Qochqinlarning yangi oqimidan xavotirga tushgan Avstriya Italiya bilan chegarada nazoratni kuchaytirmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG