Breaking News

Harbiy robotlar ustidan nazorat boy berilsa-chi?


Harbiy robotlar/Military robots
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Harbiy robotlar/Military robots

Bugun texnologiya shiddat bilan rivojlanmoqda. O’zini-o’zi boshqaruvchi intellektual robotlarning, ayniqsa, harbiy sohada roli oshib bormoqda. Uchuvchisiz samolyotlar, masalan, jangarilar in qo’ygan olis nuqtalarga yuboriladi, razvedka ma’lumotlari to’playdi. Biroq inson huquqlari bilan mashg’ul tashkilotlar kelajakdan xavotirda. Insoniyat robotlar ustidan nazoratni boy berishi hech gap emas, deydi ular.
Isroil va Xamas o’rtasidagi urush paytida olingan tasvirlar… Isroil mudofaa sistemalari G’azo sektoridan otilgan raketani urib tushirish harakatida.

Isroilni himoya qiladigan bu sistema “Temir Gumbaz” deb atalib, xavfni sezgan zahoti operatorga xabar beradi va o’t ochishga ruxsat so’raydi.

AQSh ham uchuvchisiz vositalarning yangidan-yangi turlarini yaratmoqda. Ular razvedka parvozlaridan tashqari olisdagi mo’ljalni aniq nishonga oladi. Lekin faqat operatorning ruxsati bilan.

Deyvid Mepem, Human Rights Watch tashkilotining Britaniya bo’yicha direktori, yaqin kelajakni quyidagicha tasvirlaydi.

"Hozir harbiy maqsadda ishlatilayotgan robotlar o’zini mustaqil ravishda boshqara olmaydi. Mo’ljalga olish va qaror qabul qilish uchun buyruq kerak. Lekin texnologiya rivojlangan sari hammasi o’zgaradi. Bu jarayon G’arb harbiy sanoatida allaqachon boshlangan. Robotlarni boshqarishda insonga hojat qolmaydi".

Masalan, AQSh dengiz kuchlari X-47B rusumidagi robot-samolyotlarni ishga tushirgan. Ular yirik kemalarda joylashtirilgan bo’lib, oldindan programmalashtirilgan missiyalarni bajaradi.

“Katta kuchuk” deb nomlangan mana bu robot cho’lda ham, tog’da ham piyoda askarlarga ergashib yuradi.

Mashina qurollanmagan, lekin huquqbonlar buni vaqtinchalik holat deb hisoblaydi.

"Urushda vahshiylikning oldini oluvchi faktor bu – tinch aholini jangchilardan ajratishdir. Xavotir shundaki, ertangi kun robotlari, deylik, muzqaymoq ko’targan bola va qurol ko’targan shaxs orasidagi farqni ko’rmasligi mumkin",- deydi Mepem.

AQSh harbiylarining bildirishicha, texnologiya qanchalik ilg’or bo’lmasin, harbiy kuch ishlatish qarori hech qachon mashinaga berib qo’yilmaydi.

Human Rights Watch tashkiloti nazarida esa eng yaxshi kafolat – davlatlar bu borada global bitim imzolashidir.

Xavfsizlik bo’yicha ekspert Xyugo Rouzmont deydiki, texnologiyaning urush va tinchlikdagi o’rni - muhokamaga molik mavzu.

Axir bu mashinalarni nafaqat harbiy sohada, balki tabiiy ofatlarni bartaraf etish va gumanitar-qutqaruv missiyalarida ham qo’llaymiz.

Avtonomiya, o’zini o’zi boshqarish kabi funksiyalar haqida gapirganda, robotlarning ana shu foydali jihatlari ham hisobga olinishi kerak.

Temir dastyorlar insoniyatga hali ko’p xizmat qiladi. Fransiya uzoqdan boshqariladigan mana bu robotlarni o’tgan yili yadroviy halokat bilan yuzlashgan Yaponiyaga jo’natgan edi. Bunday xavfli ishni yana kimga ishonish mumkin?
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG