AQSh armiyasida jinsiy tajovuzlarga qarshi kurash

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning o’tgan yilgi buyrug’iga asoslanib tayyorlangan hisobotga ko’ra, so’nggi ikki yilda AQSh qurolli kuchlarida jinsiy tajovuz bilan bog’liq jinoyatlar kamaygan. Ammo Pentagon muammoni hal qilishdan yiroq.

Mudofaa vaziri Chak Xeygl armiyada jinsiy tegajog’lik kamayganini ta’kidlasa-da, muammoni tubdan hal qilish uchun hali ancha ishlar qilinishi kerak.

Hisobot bilan birga anonim so’rov natijalari e’lon qilindi. Armiyada bunday jinoyatlar 26 mingdan 19 mingga kamaygan. Bu illat haqida ochiq gapirishga jasorat qilayotganlar ko’proq.

“Ikki yil ilgari jinsiy tajovuzga uchraganini qurbonlarning 10 foizi tan olardi, bugun esa 25 foizi”, - deydi Xeygl.

Ammo hisobotda o’z kechinmalari haqida maxfiy ravishda so’zlab berganlar ham qayd etilgan. Bu degani, qo’mondonlarga ham, politsiyaga ham xabar berilmagan. Hech kim jazoga tortilmagan.

Polkovnik Don Kristensen AQSh havo kuchlarida prokuror bo’lib ishlagan paytida u tergov qilgan ishlar ancha shov-shuv uyg’otgan edi. Hozirda u “Vatan himoyachilarini himoya qiling” degan tashkilotga rahbarlik qiladi.

Tajovuzga uchraganlarning aksariyati ismini oshkor etmaslikni ma’qul ko’radi, deydi Kristensen. “Demak, adolat qaror topishiga ishonch yo’q”, deydi u.

Tahqirlangani haqida rahbariyatga xabar bergan xotin-qizlarning 60 foizi shundan so’ng muammolar boshlanganini aytadi. Ko’p hollarda safdoshlari ular bilan gaplashmay qo’ygan.

O’tgan bir yil ichida armiyada 19 ming jinsiy zo’ravonlik holatlari qayd etilgan bo’lsa, faqatgina 175 kishi jazosini olgan.

“Hujum qilgan harbiylar biladiki, tekshiruv nomiga o’tkaziladi va ular baribir aybdor deb topilmaydi. Qurbonlar biladiki, boshliqlarni ogoh qilsa o’zi baloga qoladi”, - deydi polkovnik Kristensen.

Armiya bu masala bilan jiddiy shug’ullanishi kerak deb chiqayotgan qonunchilar ko’p. Harbiy yetakchilar Kongressga chaqirtirilib, bir necha bor savolga tutilgan.

“Armiyada jinsiy zo’rlash jiddiy muammo. Qurbonlarni yetarlicha himoya qilmayapmiz”, - deydi senator Kleyr Makaskil.

“Bunday jinoyatlar kamaygani, ko’proq harbiylar bu haqda gapirayotgani – biroz siljish borligidan darak. Sukut saqlash odat bo’lib qolgan”, - deydi yana bir senator Kelli Ayot.

Ayrim qonunchilar qurolli kuchlar safida ro’y bergan zo’rlash hollari harbiy tizimda emas, balki ularni mustaqil advokatlar tekshirsin, degan taklif bilan chiqmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG